Dunyoga bo‘y tutgan O‘zbekiston

Dunyoga bo‘y tutgan O‘zbekiston

“O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” kitob-albomlarining 15 ta yangi jildi havola qilinadi

 

Ma’lumki,  joriy yilda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati Kongressi beshinchi bor o‘tkazilmoqda.

Yodingizda bo‘lsa, ilk anjumanimiz 2017-yil may oyida Toshkent va Samarqand shaharlarida  “O‘zbekiston madaniy merosi – xalqlar va mamlakatlar o‘rtasida muloqotga yo‘l” shiori ostida o‘tgandi.

Ilk kongress yakunida dunyoning 40 dan ortiq mamlakatidan tashrif buyurgan 300 nafardan ortiq olim va mutaxassislar ishtirokida O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatini ta’sis etish yuzasidan  deklaratsiya qabul qilingandi. Davlat rahbari va  hukumatimizning bevosita yordami bilan bir qator davlat, nodavlat va xalqaro tashkilotlar hamkorligida o‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston madaniy merosini tadqiq etish borasida  juda katta ishlar amalga oshirildi.

“Sir emas, mazkur loyihadan ko‘zda tutilgan maqsad O‘zbekiston hududida yaratilgan yoki Vatanimizga bevosita aloqador bo‘lgan, vaziyat taqozosiga ko‘ra dunyoning turli hududlariga borib qolgan, xorijdagi muzeylar, kutubxonalar va shaxsiy kolleksiyalarda saqlanayotgan madaniy meros obidalari haqida ma’lumotlar to‘plash, ularni o‘rganish va kitob-albomlarga kiritishdan iborat”, – deydi  O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositari milliy assotsiatsiyasi  Bosh   direktor o‘rinbosari Rustam Jabborov. “Bu yo‘nalishdagi ishlarni amalga oshirish  maqsadida ayna paytga qadar dunyoning 20 ga yaqin mamlakatlariga ilmiy safarlar uyushtirildi. Turli muzeylar, kutubxonalar, ilmiy-ma’rifiy maskanlar, shaxsiy kolleksiyalardan O‘zbekistonga aloqador o‘n mingdan ortiq turli eksponatlar, tarixiy ashyolar, amaliy va tasviriy san’at namunalari, uy-ro‘zg‘or buyumlari, qo‘lyozmalar aniqlandi. Ushbu topilmalar haqida “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidan 35 ta kitob-albom nashr qilindi. Mazkur kitob-albomlar mazmunini o‘zida aks ettirgan hujjatli filmlar yaratildi va namoyish qilindi”.

          O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyatining  beshinchi kongressi tashkilotchilarining ta’kidlashicha, Xalqaro Kitob-albomlarning taqdimot marosimi nafaqat mamlakatimizda, balki dunyoning turli qit’alarida o‘tkazildi. O‘zbek, rus va ingliz tillarida chop etilgan mazkur kitoblar nafaqat yurtimizdagi, balki   dunyodagi ikki  yuzdan ortiq kutubxonalar va ilmiy-ma’rifiy maskanlarga beg‘araz asosda tarqatilgan. O‘tkazilishi kutilayotgan  bu yilgi kongress doirasidagi tadbirlar  poytaxtimiz  Toshkentda,   Xiva,  Qoraqalpog‘istonning Nukus shaharlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Beshinchi kongress dasturidan O‘zbekiston madaniy merosini tadqiq etishga bag‘ishlangan 100 ga yaqin qiziqarli ma’ruzalar o‘rin olgan. “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” kitob-albomlarining 15 ta yangi jildi ham e’tiboringizga havola qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq kongresslar ketma-ketligi davom etishi xabar qilingandi.