"O'zbekistonning madaniy merosi dunyo to'plamlarida" turkumiga oid kitob-albomlar, shuningdek "Ozbek tili imlo lug'ati" kitobi Isroil Milliy kutubxonasi fondiga topshirildi
"O'zbekistonning madaniy merosi dunyo to'plamlarida" turkumiga oid kitob-albomlar, shuningdek "Ozbek tili imlo lug'ati" kitobi Isroil Milliy kutubxonasi fondiga topshirildi
O'zbekiston elchisi Feruza Mahmudova Isroil Milliy kutubxonasi bosh direktori Oren Vaynberg bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" axborot agentligi.
Uchrashuv davomida Isroil tomoniga O'zbekiston madaniy merosini o'rganish, saqlash va ommalashtirish bo'yicha butunjahon jamiyati nomidan "O'zbekiston madaniy merosi dunyo to'plamlarida" turkumiga oid kitob-albomlar, shuningdek 2020 yilda "O'zbekiston milliy ensiklopediyasi" davlat ilmiy nashriyoti tomonidan nashr etilgan "O'zbek tili imlo lug'ati" sovg'a qilindi.
Oren Vaynberg sovg'a qilingan kitoblar uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Isroil tomoni qo'shma loyihalar va tashabbuslarni amalga oshirishda O'zbekiston madaniy merosini o'rganish, saqlash va ommalashtirish bo'yicha butunjahon jamiyati, shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona bilan hamkorlik o'rnatishga qiziqish bildirdi.
Shu bilan birga, Isroil Milliy kutubxonasi ma'muriyati fondda saqlanayotgan O'zbekistonning madaniy merosi bilan bog'liq noyob nashrlar bilan mehmonlarni tanishtirdi. Xususan, taniqli shoir, mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiyning "Xamsa" (Balx, 1829) asari va buyuk olim-astronom va matematik Mirzo Ulug'bekning asosiy ilmiy asarlaridan biri bo'lgan "Yulduzlar jadvali" nusxalari namoyish etildi.
