1960–1970 yillarda respublikada tasviriy sanʼatning rassomlik, grafika, haykaltaroshlik va teatr sanʼati, sal keyinroq esa amaliy bezak va mahobatli sanʼat (maʼmuriy binolar bitiklar, qurama, bo‘rtmalar bilan bezatiladi) kabi turlari rivojlangan.
Zamon voqealari, o‘lka mehnatkashlarining kundalik ish va tashvishlari rassomlarning (F. Madgazin, R. Matevosyan, G. Jeglov, A. Kvon, J. Bekanov, A. Yerimbetov, J. Izentayev, U. Saparov, B. Serekeyev, J. Lepesov, A. Shpadi va boshqalar) eʼtiborini tobora ko‘proq torta boshlagan. Shu yillarda yaratilgan ajoyib asarlarda keyinchalik tasviriy sanʼat milliy maktabiga xos bo‘lib qolgan unsurlar o‘z aksini topgan. Rasmlarda silliqlik, ranglar boyligi va taʼsirchanlik, haykaltaroshlikda bosiqlik va maʼnodorlik asosiy o‘rin tutadi. Rassomlik professional sanʼatning boshlanishi bo‘lib, hozirga qadar boshqa turlar orasida yuqoriroq mavqega ega ekanligicha qolmoqda.
K. Saipov, F. Madgazin, I.V. Saviskiy, R. Matevosyan, A. Yerimbetovning lirik peyzajlarida tomoshabinlarga Qoraqalpog‘istonning shimoli Ustyurt va Mo‘ynoqdan (F. Madazin «Amudaryo oqshomi», «Amudaryo bo‘ylab») janubgacha (I.V. Saviskiy “Qo‘yqirilganqalʼa”, «Qalʼali qir», «Eski Xivadagi ko‘cha» va boshqalar) bo‘lgan tabiatining o‘ziga xos manzaralarini ko‘rish imkoniyati taqdim etilgan.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat sanʼati muzeyi to‘plami” kitob-albomida (IX jild) tanishishingiz mumkin.