Sharqda «Shayx ur-rais», G‘arbda Avitsenna nomi bilan mashhur 450 dan ortiq asarlar yozgan Abu Ali ibn Sino qadimgi yunon, arab, fors, hind olimlarining kitoblari, shuningdek, o‘zining vatandoshlaridan Ahmad Farg‘oniy, Muhammad Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Abu Bakr ar-Roziy kabi mashhur allomalarning asarlarini o‘rgangan, ularga ijodiy yondashgan.
Uning kitoblari va yozishmalari qadimgi yunon ilmi vakillari bo‘lmish Suqrot, Aflotun, Arastu, Yevklid, Fales, Geraklit, Pifagor, Gippokrat, Galen kabi olimlarning asarlaridan yaxshi xabardor ekanligining isboti deyish mumkin. U ana shu maʼnaviy xazinaga tayanib, o‘zining falsafa, tabobat va tabiat ilmlariga bag‘ishlangan «Kitab ash-Shifa» («Shifo kitobi»), «al-Qanun fi-t-tibb» («Tib qonunlari»), «Kitab an-Najat» («Najot kitobi»), “Donishnoma” («Bilimlar kitobi») kabi yirik asarlarini yozgan.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" loyihasining "O‘zbekiston madaniy merosi" turkumi ostida chop etilayotgan “Abu Ali ibn Sino asarlari qo‘lyozmalari Turkiya kutubxonalarida” kitob-albomida tanishishingiz mumkin.
Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.