Chexiya Respublikasi davlat madaniy muassasalarida O‘zbekistondan keltirilgan sanʼat ashyolari oz bo‘lsa-da, o‘zbek madaniy merosining o‘ziga xosligini ko‘rsatib beruvchi ajoyib to‘plamlarda aks ettirilgan.
O‘zbekiston manbalarining eng to‘liq va keng ko‘lamli to‘plami milliy muzey – Naprstek nomidagi Osiyo, Afrika va Amerika madaniyatlari muzeyidan joy olgan.
Pragadagi Chexiya Respublikasi Milliy kutubxonasida O‘zbekiston tarixiga oid yozma manbalar saqlanadi. Xususan, u yerda Somoniylar sulolasi davrida ijod qilgan, hanafiy mazhabi (islomdagi to‘rt sunniy mazhablardan biri) huquqshunosi Abul Lays Samarqandiyning (944 – 983) qo‘lyozmalari faksimilelarini uchratish mumkin. «Bo‘ston al-orifin» («Oriflar bo‘stoni») qo‘lyozmasi 153 bob, 112 varaqdan iborat bo‘lib, 1628 yil bitilganligi qayd etilgan. «Kitob al-Bo‘ston» («Bog‘ kitobi») qo‘lyozmasi 160 bob, 170 varaqdan iborat bo‘lib, 1670 yil sanasi qo‘yilgan. Har ikki qo‘lyozma asosan ilm-fanning ahamiyati, islom huquqlari, mantiq to‘g‘risida bo‘lib, fatvolar bilan odob va axloq, insonlarning ota-onaga, shuningdek, hayvonlarga bo‘lgan munosabatlari haqida hikoya qiladi. Bundan tashqari, ikkinchi qo‘lyozmada Abul Lays Samarqandiy tomonidan to‘plangan hadislar ham jamlangan.
Chexlarning O‘rta Osiyo tarixiga bo‘lgan shubhasiz qiziqishi letoshislik Matser Bartolomey tomonidan lotin tilidan tarjima qilinib, 1598 yili chex tilida Pragada chop etilgan «Tatar qiroli Temur tarixi» deb nomlangan kitob ham isbotlaydi. Kitob gotik shriftida nashr etilgan bo‘lib, 25 bob, 112 sahifadan iborat. Mazkur boblarda Amir Temurning bolalik chog‘lari, taxtga o‘tirishi, hududlarni zabt etishi hamda turk sultoni Boyazid bilan bo‘lgan janglari aks etgan. Shuningdek, kitobda hukmdorning shaxsiy sifatlari, oilasi, uning qattiqqo‘lligi va ayni damda tantiligi, do‘stlarni qadrlash fazilatlari hamda qahramonliklari, xotinlaridan biri va uning farzandlari, kitob so‘ngida esa, hukmdorning vafoti to‘g‘risida hikoya qilingan.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “Chexiya Respublikasi to‘plamlari” kitob-albomida (XVI jild) tanishishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.