Amir Temur dahmasida qaysi suraning barcha oyatlari bitilgan?

Sohibqiron Amir Temur hayotlik vaqtida o‘zi uchun Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida qurdirgan xilxonadagi toshtobut ravoqlari devorlariga o‘yib yozilgan bitiklar va naqshlar oxiriga yetkazilmagani sabab undagi matnlarni har doim ham to‘liq o‘qish imkoni bo‘lmagan.

Ammo “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" loyihasining “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” nashri tadqiqotchilari, garchi Amir Temur xilxonasi o‘ng (sharqiy) ravoq yonbosh devorlarida to‘g‘ri burchakli kitobalar ichidagi arab tilida o‘yib yozilgan matnlarning bir qismi yo‘qolgan bo‘lsa-da, unda Qurʼoni karimdagi “Mulk” surasining barcha oyatlari bitilganini maʼlum qilishgan. 

Qurʼondan olingan matn so‘ngida: «Buyuk Alloh rost so‘zladi va uni ulug‘ Rasul tasdiqladi» degan odatdagi ibora keltirilgan.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" loyihasining “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” nashri ostida chop etilgan Qashqadaryo viloyatiga bag‘ishlangan kitob-albomida tanishishingiz mumkin.