Musiqa san’ati rivojining yangi davri XIV asr ikkinchi yarmi va XV asr boshlariga – Amir Temur boshqaruvi davriga to‘g‘ri keladi. Samarqand davlat poytaxti qilib belgilangach, u musiqiy hayotning yirik markaziga aylanadi. Amir Temur shaharning shuhratini oshirish uchun juda katta e’tibor qaratgan. U o‘z harbiy yurishlari chog‘ida shaharga nafaqat usta va hunarmandlar, quruvchi va me’morlarni, balki turli xalqlar va mamlakatlar vakillari bo‘lgan taniqli sozandalar, xonandalar, raqqoslarni ham olib kelgan.
Samarqandda turli milliy an’analarning o‘zaro uyg‘unligi vujudga kelib, u shahar madaniy hayotiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Amir Temur tomonidan tashkil qilingan bayramlar, to‘y-tantanalar, qurultoy va majlislarda turli mamlakatlar, hatto musulmon bo‘lmagan o‘lkalardan kelgan san’atkorlar musiqasini ham tinglash mumkin bo‘lgan. Amir Temurning madaniyat sohasidagi siyosati ana shunday bo‘lgan deb hisoblashga yetarlicha asos bor, albatta.
Musiqiy hayotning takomillashuviga Samarqanddagi ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy jihatdan barqaror vaziyat, Amir Temur yuritgan oqilona siyosat, yirik va ommaviy bayramlarning musiqasiz o‘tmasligi, Sohibqironning ilm-fan va madaniyatning barcha sohalariga, xususan, musiqa san’atining turli yo‘nalishlari (harbiy musiqa, maqomot va boshq.)ga qaratgan yuksak e’tiboridan darak beradi.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi "O‘zbekiston musiqiy merosi Rossiya Federatsiyasi to‘plamlarida" kitob-albomida (VI jild) tanishishingiz mumkin.
Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.