Amir Temur davrida harbiy cholg‘u asboblari qatorida to‘y-bazmlarda torli, zarbli va puflab chalinadigan musiqa asboblari faol ishlatilgan.
Xususan, Samarqandda o‘z navbatida turk va turk-mo‘g‘ul cholg‘u asboblari keng tarqalgan. Ular orasida saroy musiqa san’atida keng ishlatilgan yatugan va shadirg‘u ( shidirg‘u) asboblarini alohida sanab o‘tish mumkin.
XV asr oxiri va XVI asr boshlarida taniqli sozandalar bu cholg‘ularda kuy ijro etishgan. O‘sha davr tarixiy manbalarida (Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma»sida) Xitoy lyutnyasi – pipa ham kirib kelgani yozilgan. Bu va boshqa cholg‘u asboblari (yatugan, shadirg‘u) haqida Abdulqodir Marog‘iy o‘zining «Maqosid al-alhon» («Navolarning maqsadlari») asarida ham to‘xtalib o‘tgan.
Olimning e’tirofiga ko‘ra, u o‘z asarida o‘sha davrda mashhur bo‘lgan va amaliyotda keng qo‘llanilgan (ahlu amal) cholg‘u asboblari haqida yozib o‘tgan. Marog‘iy asboblarni to‘rt qismga bo‘lgan: inson xalqumi (ovozi), puflab chalinadigan, torli va zarbli cholg‘u asboblari. U cholg‘ular orasida inson ovozini birinchi o‘ringa qo‘ygan. Qolganlaridan udni alohida ajratib ko‘rsatgan. Marog‘iy to‘rt torli qadimgi (udi qadim) va o‘n juft tori bo‘lgan «mukammal ud» (udi komil) haqida ham ma’lumot bergan.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi "O‘zbekiston musiqiy merosi Rossiya Federatsiyasi to‘plamlarida" kitob-albomida (VI jild) tanishishingiz mumkin.
Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.