«Xalq soʼzi» gazetasining 1996-yil 11-oktyabr sonida qiziq bir xabar eʼlon qilingan.
Unda Samarqand davlat universiteti dotsenti Muhammadjon Mahmud tomonidan hikoya qilingan Аmir Temurning Samarqand shahridagi sirli yer osti yoʼllari haqida soʼz boradi.

Jumladan, muallif Аmir Temur tomonidan qurdirilgan yer osti yoʼllari haqida maʼlumot izlaganini, manbalardan hech narsa topa olmaganini va shundan keyin qariyalarga murojaat qilganini yozgan.
Qariyalarning aytishi boʼyicha, Temur tomonidan Koʼksaroydan boshlanib, Goʼri Аmir, «Shohi Zinda»ga va hatto Shahrisabzga boradigan yer osti yoʼllar qurdirilgan.
Yoʼl harbiy maqsadlarda qurilgani uchun sir tutilgani va manbalarda u haqda hech qanday maʼlumot uchramasligini ham aytib oʼtgan muallif.
Shuningdek, muallif 80 yillar oxirlarida shaharning Tepaqoʼrgʼon mavzesidagi qurilish ishlari paytida yer osti yoʼllarining ochilib qolganini va bu yoʼllarga kirib koʼrganini ham yozgan. Unda jumladan shunday deyiladi:
«80 yillarning oxirlarida Tepaqoʼrgʼonda hind binokorlari tomonidan katta mehmonxona quriladigan boʼldi. Shunda viloyat gazetasi tarixiy maskanni ortiq buzmaslik, uni qadimiy qoʼriqxona tarzida asrash, mehmonxonani shaharning boshqa bir yerida qurish haqida bong urdi. Ushbu satrlar muallifi ham ‘Sayqalga putur yetkazmaylik, «Не разрушат исторический облик Самарканда» nomli maqolalarini eʼlon qildi.
Biroq gazetalar ovoziga ham, jamoatchilik fikriga ham quloq solmadilar. Oradan koʼp vaqt oʼtmay, mehmonxona poydevorini qaziyotgan ekskavatorlar yer ostidagi qimmatli buyumlar saqlangan tarixiy binoni va yer osti yoʼlining bir qismini buzganligi haqida noxush xabar tarqaldi. Bordim. Аtrofi oʼralgan qurilish maydonini avtomat koʼtargan hind soqchisi qoʼriqlar edi.
U mening iltimosimni tushundi va bosh chayqab, kirish mumkin emasligini bildirdi. Pastqam bir yerdan maydonga kirdim. Soqchining tahdidiga qaramay, yer qaziyotgan ekskavatorlar tomon yurdim.
Muhandis bilan gaplashib, yer osti yoʼlini qoʼrmoqchiligimni bildirdim. Yoʼl ancha yuqorida edi. Bir amallab chiqib oldim. Dastlab roʼparadagi viloyat teatri binosiga qarab yoʼlning buzilgan oʼrnini taxminan belgiladim.
Soʼng ‘Yo Sohibqiron! deya yoʼl ichiga kirdim va hayratdan lol qoldim, qurilganiga 600 yil boʼlibdiyu, u hamon kechagiday yap-yangi, koʼrkam va jozibali edi. Hamma tomoni toʼrt burchakli silliq, qizgʼish pishiq gʼishtdan yasalgan, boʼyi taxminan 2, eni bir yarim, ustiyu osti yuradigan qismi yarim metr keladigan olti burchakli bu yoʼldan piyoda yoʼlovchi boshi tegmay, ikki tomoniga yuk ortilgan ot urinmay, bemalol yura oladi.
Muayyan masofada tepasida havo almashadigan tuynuklari boʼlgan, qarshidan kelayotgan ulovni kutib turadigan, boʼyi va eni 2, kengligi 5 metr keladigan bekatlar mavjud.
Yoʼlni diqqat bilan kuzatar ekanman, ehtiyotkor bobokalonimizning nozik taʼbi, yuksak didi va ulugʼvor qiyofasi, har qanday inshootni oddiy qurilish emas, balki bebaho mumtoz sanʼat asari darajasida ishlashni talab qilishi, kasbini mukammal egallaganlarni ragʼbatlantirib, koʼzboʼyamachilik bilan xalq boyligini koʼkka sovurganlarni jazolashi koʼz oldimda namoyon boʼldi. Yoʼldan katta mamnuniyat, gʼurur va iftixor bilan chiqdim.
Shu tarzda mening katta bir orzum ushaldi — bobokalonimizning yer osti yoʼlini oʼz koʼzim bilan koʼrib, uning borligiga toʼla ishondim…»
