“O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" loyihasining “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” nashri tadqiqotchilari Sohibqiron Amir Temur hayotlik vaqtida o‘zi uchun Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida qurdirgan xilxonadagi toshtobut ravoqlari devorlariga o‘yib yozilgan bitiklar nega oxiriga yetkazilmaganiga oydinlik kiritishga urinishdi.
Tadqiqotchilar to‘g‘ri burchakli chorcho‘plar (katta kitobalar) ichiga olingan, satrma-satr joylashtirilgan bitiklarda sezilarli yo‘qotishlar mavjudligini qayd etishdi. Kuzatishlarga ko‘ra toshtobutni naqshinkor bezash bo‘yicha ishlar nihoyasiga yetkazilmagan. Tadqiqotchilar taxminicha, bunga Amir Temur dafn etiladigan joy o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lgan yuqorida aytib o‘tilgan voqealar sabab bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin.
Bitiklarning siz suratda ko‘rib turganingiz tartibi toshtobut qopqog‘i qovurg‘asidagi matnlar bayon etilishi tartibiga mos keladi.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" loyihasining “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” nashri ostida chop etilgan Qashqadaryo viloyatiga bag‘ishlangan kitob-albomida tanishishingiz mumkin.