Amir Temur xilxonasidagi medalyonlar va unda yozilgan kalima

Qashqadaryoning Shahrisabz shahri Amir Temur tirikligidayoq barpo ettirgan xilxona ravoqlar arxivoltalari o‘rtasida joylashgan bag‘allar markazida ichiga tepasidan islimiy naqshlar bilan bezatilgan epigrafik kompozitsiyalar o‘yilgan uchi o‘tkir qubbachalari bo‘lgan medalyonlar mavjud.

Harflari yirik-yirik yozilgan matnda diakritik belgilar muntazam qo‘yilmagan. Xat uslublari – suls va kufiy xatlarining naqshinkor turlari. Medalyonlar ichida esa Tamjid (Ulug‘lash) kalimasi suls xatida mahorat bilan o‘yib yozilgan. 

Yaʼni:

Allohning aybu nuqsoni yo‘qdir. Va maqtov Allohgadir.
Allohdan o‘zga sig‘iniladigan (iloh) yo‘qdir! Alloh ulug‘dir.

Tepasida kufiy muvarraqa xatida boshqa kalimalar bitilgan. “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" loyihasining “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” nashri tadqiqotchilarining o‘rganishlariga ko‘ra, bularning ichida “Alloh” so‘zi aniq o‘qilib, qolgan so‘zlarni esa to‘la o‘qishga muvaffaq bo‘linmagan.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" loyihasining “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” nashri ostida chop etilgan Qashqadaryo viloyatiga bag‘ishlangan kitob-albomida tanishishingiz mumkin.