Amir va Sayidlar kimligini bilasizmi?

Yurtimizning eng qadimiy me’moriy yodgorligi – Jarqo‘rg‘on minorasi (1109-1110)dagi epigrafik yozuvlarni o‘rganishni davom ettiramiz.

Minoraning qo‘yi qismidagi sakkizta kitobada kufiy xatida tarixiy baxshida bitik mavjud:

Alloh taologa yo‘liga qurbonlik qilgan holda Unga yaqin bo‘lish uchun masjid va minorani buyuk amir1, sipohsolor2, ulug‘ sayyid3, [din va davlatni] qo‘llab-quvvatlovchi, adolatli, davlat va din ustuni, islom va musulmonlar yordamchisi, Xuroson amiri Abu Sa’d Sung‘ur ibn Ahmad Badrom ... ibn al-Qumoch (?) [qurdi].

UNVONLAR NIMANI ANGLATADI?

1. Amir (arab. – amr qiluvchi, boshliq) – lashkarboshi, hokim. Xalifalarga Umar ibn al-Xattobdan boshlab «Amir al-mo‘minin» («Mo‘minlar amiri») unvoni berilgan. Arab xalifaligining dastlabki xalifalari va umaviylar davrida alohida qo‘shin qo‘mondonlari amir deb atalib, ular, odatda, zabt etilgan viloyatlarga noib qilib tayinlangan. Abbosiylar davrida esa amir xalifalarning oliy hukmdor ekanligini tan olgan hokimlar yoxud qurol kuchi bilan o‘zlari davlat barpo etgan mustaqil hokimlar (safforiylar, g‘aznaviylar, buvayhiylar); ularni X asrda sultonlar deb ham atay boshlashgan. X asr oxiri – XI asr boshida amir deb turli tabaqaga mansub hokimlar va lashkarboshilar (ayyubiylar, mamluklar davlatlari va b.da) atalgan.

2.  «Sipohsolor» fors-tojik tilidan olingan bo‘lib, qo‘shin boshlovchi, lashkar yetakchisi degan ma’noni anglatadi. 1) Somoniylar saltanatida eng oliy harbiy unvon; 2) Qoraxoniylar qo‘shinida «bosh qo‘mondon, sarkarda» ma’nosida qo‘llangan. «Sipohsolor» asl turkiy suvboshi atamasi bilan parallel qo‘llangan.

3. Sayyid (arab. – janob). 1) Muhammad payg‘ambar (s. a. v.) avlodlariga mansub kishining unvoni. Arablarda islomga qadar qabilaning saylanadigan rahbarlari unvoni – boshliq, mas’ul shaxs degan ma’noni anglatgan. 2) Xo‘ja, boshliq, rahbar.

Surxondaryo viloyati arxeologik yodgorliklaridagi bitiklar haqidagi batafsil ma’lumotni “O‘zbekiston me’moriy epigrafiyasi” turkumidagi «Surxondaryo»(32-33-bet) kitob-albomidan olishingiz mumkin.

Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.