Arminiy Vamberi qanday qilib chig‘atoy tiliga qiziqib qoldi?

Chig‘atoy/eski o‘zbek adabiy tili bilan birinchi bo‘lib qiziqa boshlagan venger olimi Arminiy Vamberi (1832 – 1913) bo‘ladi.

 

Eslatib o‘tamiz, ungacha Nizomiddin Mir Alisher Navoiy ijodini Yevropada birinchi bo‘lib o‘rgangan Mark Etyen Kvatremer (vafoti 1857) o‘zining chig‘atoy matnlaridan iborat antologiyasini 1841 yilda nashr ettirgan edi2. Biroq, Vamberi tilni o‘rganish uchun boshqacha ijodiy manbalarga ega edi. U turli sharq tillari, jumladan, usmonli turklar tili bo‘yicha venger mutaxassisi Yanosh Repiskidan (1817 – 1855) usmonli turklar tilini o‘rgana boshlaydi va tilni o‘rganish bo‘yicha o‘z malakasini oshirish uchun Usmonli turklar imperiyasiga boradi. 

1857 yildan 1861 yilgacha bo‘lgan davr orasida Vamberi Istanbulda, chig‘atoy tilidagi matnlarning qo‘lyozmalari saqlanadigan kutubxonalar va ko‘plab ma’lumotlar berishi mumkin bo‘lgan O‘rta Osiyo jamoasi istiqomat qiladigan shaharda yashaydi. U o‘z ilmiy-tadqiqot ishlari davomida venger tili va O‘rta Osiyo turkiy tillari genetik jihatdan o‘zaro bog‘liq tillar ekanligi haqidagi g‘oyani ilgari suradi (muharrir eslatmasi: venger tili fin-ugor tillari oilasiga mansub). 

Vamberi o‘z nazariyasini isbotlash va bu tillar orasidagi umumiy o‘xshashliklarni ko‘rsatish yo‘lida birinchi qadam sifatida turkiy va venger tillaridan hikoya tuzib, uni 1862 yilda keng ko‘lamli izohlar bilan nashr ettirishga muvaffaq bo‘ladi. O‘sha yili «Abushqa lug‘ati» nomli chig‘atoycha-usmonli turkcha lug‘at ham nashrdan chiqariladi.

Bu haqda batafsil ma’lumotni “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi “O‘zbekiston madaniy merosi Vengriya Fanlar akademiyasi to‘plamida” (42-jild) kitob-albomidan  olishingiz mumkin.

Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.