“Kultepa” arxeologiya yodgorligi g‘isht sexiga noqonuniy berib yuborilgani aniqlandi.

Toshkent viloyati Parkent tumani hokimligi Tepa (Kultepa) arxeologik yodgorligining
2 gektar qismini xom g‘isht ishlab chiqarish sexi tashkil etish uchun berib yuborgani ma'lum bo‘ldi.
Bu haqida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmati xabar bergan.

Qayd etilishicha, Tepa (Kultepa) arxeologiya yodgorligiga tegishli 2 gektar yer maydoni hududi 2018-yil 28-sentyabrda
tuman hokimligi tomonidan amaldagi qonunchilik talablariga zid ravishda auktsion savdolari orqali “U.Q.B” MChJga
xom g‘isht ishlab chiqarish sexi tashkil etish uchun berib yuborilgan.
Mazkur arxeologiya yodgorligi Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob'ektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan.

Aniqlanishicha, davlat mulki hisoblangan ushbu ob'ekt Toshkent viloyati madaniyat boshqarmasiga operativ boshqaruv huquqi asosida berilgan.
Shuningdek, ushbu arxeologiya inshootini MChJ rahbarlari 2020-yilda qonunchilik talablariga zid ravishda tadbirkor “U.M.P.” MChJga sotib yuborgan.
Ushbu tadbirkorlik sub'ekti ham, o‘z navbatida, bu ob'ektda xom g‘isht ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.

“Mazkur sex uchun xomashyo ya'ni tuproq ushbu arxeologiya inshooti hududidan qazib olingan.
Oqibatda bu tarixiy inshootga katta miqdorda zarar etkazilgan. Ushbu noqonuniy xatti-harakatdan xabar topgan
Toshkent viloyati moddiy meros boshqarmasi 2020-yilda etkazilgan zararni aybdor shaxslardan undirish,
mansabdor shaxslarga nisbatan chora ko‘rish, tuman hokimining qarori va oldi-sotdi shartnomasini bekor qilishni so‘rab,
huquqni muhofaza qiluvchi va mutasaddi idoralarga murojaat qilgan”, deyiladi xabarda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 2021 noyabr oyida mazkur hududda ilmiy tadqiqot (tuproq qazish va ob'ektni kuzatish) ishlari olib borilgan.
Mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, mazkur arxeologiya ob'ekti eramizning I–IV asrlariga oid bo‘lib, ko‘chmanchi chorvadorlarga tegishli qabriston yodgorligi sanalishi aniqlangan.
O‘rganishlar davomida olingan dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, “U.M.P.” MChJ mansabdor shaxslari arxeologiya yodgorligiga
1,5 trillion so‘m miqdorida moddiy zarar etkazgani ma'lum bo‘lgan.

Agentlik tomonidan to‘plangan materiallar Bosh prokuraturaga yuborilgan. Natijada 2021-yil dekabr oyida
Toshkent viloyat prokuraturasi tomonidan “U.M.P.” MChJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodekisining 132-moddasi
(Moddiy madaniy meros ob'ektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast etkazish) 2-qismi,
205-moddasi ( Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish) 2-qismi “a” bandi va 207-moddasi
(Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bu haqida Antikorrupsiya agentligi ma'lumot bergan.