Atom bombasi tashlanishiga guvoh bo'lgan olim va rassom Xirayama Ikuo

XX asr ikkinchi yarmining eng taniqli rassomi, Kamakura va Toshkent shaharlari, Xirosima prefekturasining faxriy fuqarosi, YUNESKOning ezgu niyat elchisi bo‘lgan, Yaponiyaning eng oliy mukofotlaridan biri – «Madaniyat sohasidagi xizmatlari uchun» ordeni sohibi Xirayama Ikuoning (1930–2009) nomini alohida tilga olish lozim.

 

Bo‘lg‘usi olim Setoda qo‘rg‘oni (Xirosima prefekturasi)da tavallud topgan. 15 yoshida u Xirosima shahriga 1945 yilning 6 avgustida atom bombasi tashlanishiga guvoh bo‘lgan. Urushdan so‘ng u Tokio nafis san’at maktabi (hozirgi Tokio nafis san’at universiteti) ga o‘qishga kirib, rassomlik yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim oladi. 1952 yilda Xirayama maktabni bitirib, shu yerda o‘qituvchi bo‘lib qoladi. 

Uning hayotidagi tub burilish 1959 yilda yuz beradi. Bu vaqtda Xirayama oq qon kasali bilan kurashar, shifokorlar unga o‘lim hukmini chiqarib bo‘lishgandi. U buddizmning paydo bo‘lishiga bag‘ishlangan, monax Syuanszanning sayohatlari g‘oyasini o‘zida mujassamlashtirgan «Buddizmning kelib chiqishi» kartinasi ustida ishlar ekan, bu hayotimdagi so‘nggi ishim, deb o‘ylardi. Xirayama nihoyatda e’tiqodli inson bo‘lgan va aynan shu fazilati uning boshqa kartinasida ham o‘z aksini topgan. Xirosima prefektural san’at muzeyida saqlanayotgan mazkur asarda Xirosimaga atom bombasi yog‘dirilishi aks etgan bo‘lib, uning yuqori o‘ng burchagida Buddaning yong‘in qurshovida qolgan shahar osmonidagi siymosi tasvirlangan.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “Markaziy Osiyo madaniy merosi Yaponiya muzeylarida” kitob-albomida (XX jild) tanishishingiz mumkin.

Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.