1932 yilda bir guruh arxeologlar Amudaryo suvlaridan me’moriy friz parchasini topdilar. Shundan so`ng arxeologik qazishmalar boshlab yuborilgan.
Keyingi yili M. E. Masson boshchiligidagi ekspedisiya Kushon budda san’ati parchasining qolgan qismlarini topdi.
Tadqiqotlarga ko`ra, Yunon-Baqtriya hukmdorlari davridayoq, ya`ni eramizdan avvalgi II asrda Amudaryodan o‘tish joyi himoyasi uchun qal’a qurilgan. Bu qal`a binolari eramizning II – III asrlarida budda ibodatxonasi qurilishi uchun asos bo‘lgan. Friz bloklari ibodatxonaga kirish devori yoki ustunlarini bezagan.
Frizning har ikki bo‘lagi yuqori qismida bir-biridan teng masofada yetti timsol tasvirlangan. Chap ustunda sozandalar: gullar bilan qoplangan qismda surnaychi, uning ortida peshtoqning uzun tomonida ud, nog‘ora, chiltor va chang chalayotgan to‘rtta sozanda, ularning ortida esa qo‘lida hadya qilingan idish ko‘targan ayol tasvirlangan.
Har bir obraz ziraklar va munchoqlar, o‘sha davrga xos hind zargarlik buyumlarini taqqan. O‘ng tarafiga esa taxminan gullar va hadyalar tutgan odamlar tasvirlangan. Qator tadqiqotchilar fikricha, frizda farishtalar – Budda parinirvanasi ishtirokchilari ifodalangan. Ayritom frizi baqtriya, yunon, hind mavzulari va kushon san’ati uyg`unligining yorqin namunasidir.
Ayritom frizi 1939 yili hukumat qaroriga ko‘ra Ermitajga sovg‘a sifatida taqdim etilgan.
Manba: "Davlat Ermitaji to`plami" 8 tom. Loyiha bosh homiysi: Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.