Bartenevning qalamda ishlangan O‘rta Osiyo obidalari suratlari

Meʼmor, sanʼatshunos, meʼmorchilik bo‘yicha tarixchi bo‘lgan I.A. Bartenev Sanʼat akademiyasi muxbir aʼzosi (1975-y.), RSFSRda xizmat ko‘rsatgan sanʼat arbobi, sanʼatshunoslik doktori (1969 y.), professor (1970 y.) hisoblanadi.

Uning ajdodlari qadimiy Bartenevlar sulolasiga mansub bo‘lib, mashhur rus qo‘mondoni M.I. Golenishchev-Kutuzov ham shu sulolaga mansub sanaladi. 1931–1936-yillarda Bartenev Sanʼat akademiyasining meʼmorchilik fakultetida tahsil olgan, keyinroq shu taʼlim dargohining aspiranturasida o‘qigan. 1942-yilning fevralida mazkur akademiyaning tinglovchilari va o‘qituvchilari, jumladan, Bartenev hamda uning oilasi Samarqandga ko‘chiriladi. 

Samarqand Davlat universitetida Bartenev meʼmorchilik bo‘yicha maʼruzalar o‘qigan.Rassom Leningrad qamali tugaganini bilgan zahoti oilasi bilan ona shahriga qaytib ketadi.

Rassom Samarqand va Buxoroning meʼmorchilik obidalariga bag‘ishlangan uncha katta bo‘lmagan, qalamda ishlangan lavhalarini («Buxorodagi namozgoh», «Abdu Darun», «Xoja Ahror Valiy maqbarasi», «Somoniylar maqbarasi», «Sayfiddin Boharziy maqbarasi» va boshqalar) nafaqat mamlakat, balki uning oilasi boshiga katta kulfat tushgan yillari yaratgan. Samarqandga kelishdan oldin Leningrad qamalida uning o‘g‘li va onasi ochlikdan vafot etadi. Bu to‘plam Bartenevlarning oilaviy arxivida saqlanib kelgan va muzey tomonidan 1986  yilda rassomning qizidan (Militsiya Igorevna) sotib olingan.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi "Din tarixi Davlat Muzeyi to‘plami" kitob-albomida ( XII jild) tanishishingiz mumkin.