O‘zbekiston elchisi Dilshod Axatov Berlin Davlat muzeylari va Prussiya madaniy meros jamg‘armasi prezidenti Hermann Partsingerga “O‘zbekiston madaniy merosi” turkumidagi 50 jilddan iborat kitob-albomlarni topshirdi.
Taqdimot marosimida Ibtidoiy va qadimgi dunyo tarixi muzeyi direktori professor Mattias Vemxoff, muzey xodimlari va elchixona vakillari ishtirok etdilar.
Mamlakatimiz elchisi har bir jildda jahonning turli muzeylari kolleksiyalarida saqlanayotgan O‘zbekistonning noyob osori-atiqalari va san’at asarlari taqdim etilgani haqida ma’lumot berdi. U mazkur nashrlar Germaniyada o‘zbek xalqining boy tarixi va madaniy merosi bilan tanishish va uni ilmiy o‘rganish uchun muhim manba bo‘lib xizmat qilishi, shuningdek, kitob-albomlarning 11-jildi mamlakatimizning Germaniya muzeylarida saqlanayotgan madaniy yodgorliklariga bag‘ishlanganini ta’kidladi.
«O‘zbekiston madaniy merosi» turkumiga kiruvchi «Germaniya Federativ Respublikasi to‘plamlari» kitob-albomidan Berlin davlat kutubxonasi, Berlin Islom sanʼati muzeyi, Berlin Etnologiya muzeyi, Shtutgart shahridagi Linden nomidagi muzey, Gamburg Sanʼat va hunarmandchilik muzeyi, Saksoniya Davlat Etnografiya kolleksiyasi, Lyubek shahridagi etnologiya kolleksiyasi, Faxriy senator M. Bumiller kolleksiyasida saqlanayotgan mamlakatimiz sanʼati yodgorliklari o‘rin olgan. Ular o‘rta asrlardagi islom sanʼati durdonalari, o‘zbek xonliklari davri, XX asr ustalari yasagan buyumlardan iborat.
Uchrashuv chog‘ida muzeylar o‘rtasida tajriba almashish, madaniy yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilish, ilmiy qo‘lyozmalarni o‘rganish va saqlash, madaniyat va san’at sohalarida turli ko‘rgazmalar, anjumanlar tashkil qilish singari muhim yo‘nalishlarda hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.