Naprstek nomidagi muzey (ilgari Chex sanoati muzeyi bo‘lgan) XIX asrning 60-yillarida chex madaniy va siyosiy hayotida muhim shaxs hisoblangan Voyta Naprstek (1826 – 1894 yillar) va uning onasi, pragalik uddaburon tadbirkor Anna (1788 – 1873 yillar)ning tashabbusi bilan xususiy to‘plam sifatida tashkil topgan.
Naprstek nomidagi muzeyning alohida eksponatlari 1921 yilda boshqa muzeylardan keltirilgan va XX asrning ikkinchi yarmida to‘plovchilarning avlodlari tomonidan taqdim etilgan. 1950 yildan so‘ng Naprstek nomidagi muzey to‘plamini boyitishda asosiy manba falsafa fanlari doktori Yirji Bechkaning to‘plami bo‘ldi. U muzeyga O‘rta Osiyo badiiy hunarmandchiligini ifodalaydigan 60 ga yaqin buyumlarni taqdim etdi. Bular to‘qimachilik mahsulotlari: mahalliy matolardan namunalar, 1950 yillarda kashta bilan bezatib tikilgan o‘zbek va tojik do‘ppilari, ikkita kichik gilamcha (kilim), erkaklar maxsisi, nosqovoqlar edi.
1960 yillarda Milliy muzeyning tarix bo‘limidan Naprstek nomidagi muzeyga Mari va Samarqandda yasalgan, shuningdek Bibixonim masjididan keltirilgan 99 ta sirlangan kulolchilik mahsuloti olib kelingan. 1970 yillarda Naprstek nomidagi muzeyning O‘rta Osiyo kulolchiligiga oid to‘plami Chexoslovakiya madaniyat vazirligi yordamida davlat tomonidan taqdim etilgan yangi mahsulotlar bilan boyidi. Ular asosan O‘zbekiston va Tojikiston ustalari tomonidan yaratilgan hunarmandchilik namunalaridan tashkil topgan edi.
Naprstek nomidagi muzeyda jismoniy shaxslar tomonidan hadya etilgan boshqa buyumlar ham muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ular shu bugunga qadar muntazam ravishda to‘plamni kengaytirib bordi va uning tarkibini material texnologiyalar spektrini aks ettirgan rang-barang tarkibiga hissa qo‘shdi.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi "Chexiya Respublikasi to‘plamlari” kitob-albomida (XVI jild) tanishishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.