«Bilim va tajribalarini bir maqsad yo‘lida safarbar etamiz». 500 dan ortiq olimlarning O‘zbekiston Prezidentiga murojati qabul qilindi

3-4 iyul kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Buyuk ajdodlar merosi – III Renessans poydevori” respublika forumi ishtirokchilari loyihalarni muhokama qilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Murojaatnomani qabul qildi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan tashkil etilgan “Buyuk ajdodlar merosi – III Renessans poydevori” Forumi mamlakatimiz ijtimoiy va madaniy-maʼrifiy hayotida yorqin iz qoldirdi.

Forumda yurtimizning barcha hududlaridan 500 dan ortiq yetuk olimlar, fan arboblari, ekspertlar, yosh tadqiqotchilar, shuningdek, diniy soha vakillari ishtirok etdi. Ular 10 ta shoʻbaga bo‘lingan holda Islom sivilizatsiya markazining ilmiy-tarixiy konsepsiyasi hamda uning tarkibidagi muzey ekspozitsiyasini shakllantirishga bag‘ishlangan 50 dan ortiq maʼruzalarni tinglab, 600 ga yaqin taklif va mulohazalarini bildirdilar.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga forum ishtirokchilarining MUROJAATI qabul qilindi:

“Yurtimiz tarixida birinchi marta amalga oshirilayotgan noyob megaloyiha sifatida baholanayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish to‘g‘risidagi tashabbusingiz  muqaddas dinimizning tinchlik, insonparvarlik va bag‘rikenglik  g‘oyalarini ulug‘lash, xalqimizning buyuk tarixi, boy madaniy-maʼrifiy merosini tiklash va dunyoga targ‘ib etish borasidagi doimiy eʼtibor va g‘amxo‘rligingizning yuksak amaliy namunasi sifatida ayniqsa tahsinga sazovordir”, – deyiladi murojaatda.

Darhaqiqat, ushbu markaz o‘zbek xalqining ulug‘vor tarixi va madaniy merosi hamda diniy qadriyatlarining betakror timsoli sifatida bunyod etilayotgani qayd etilib, murojaatda shunday fikrlar bildirildi: 

“Bugungi tahalikali davrda, xususan, islom nomi bilan amalga oshirilayotgan xurujlar avj olgan bir sharoitda, ushbu markaz har qanday yot g‘oyalarga qarshi ilmiy raddiyalar  orqali javob beradigan hamda yoshlarimizni to‘g‘ri yo‘lga boshlashda yetakchi markazlardan biriga aylanadi. Shuningdek, bu yerdagi barcha muzey ekspozitsiyalarida aks etadigan ilmiy-tadqiqot ishlanmalari barcha yoshlarimizni Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek buyuk vazifaga yetaklab, buyuk ajdodlarimiz tarixi haqidagi to‘g‘ri fikrni shakllantirishga xizmat qiladi, deb ishonamiz.”

“Biz, Forum ishtirokchilari, Islom sivilizatsiyasi markazi negizida yuksak intellektual bilim va taʼlim markazini barpo etishdek ulug‘ ishlarga birinchi yordamchingiz bo‘lishga, bor bilim, tajriba va isteʼdodimizni berishga vaʼda beramiz, bu yerda yangi g‘oyalar ishlab chiqiladi, kashfiyotlar ro‘y beradi”, — deyilgan isteʼdodli olimlar, yosh tadqiqotchilar, fanimizning turli sohalari vakillari tomonidan qabul qilingan Murojaatnomada.

Anjuman yakunida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiya markazining ilmiy-maʼrifiy faoliyatini yana-da takomillashtirish, uning tarkibidagi muzey ekspozitsiyasi bilan bog‘liq ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida Ilmiy kengashni tashkil etish bo‘yicha forum ishtirokchilari tomonidan qaror qabul qilindi. Mazkur Ilmiy kengash forum doirasida bildirilgan 600 dan ortiq takliflarni o‘rgangan holda ularni amaliyotga joriy etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqadi hamda hukumatga taqdim etadi.