Bursa shahrida O‘zbekiston madaniy merosi loyihalari taqdimoti o‘tkazildi

17-19 may kunlari Turkiya Respublikasining Bursa shahridagi Uludag‘ universitetida Turk dunyosi strategik tadqiqotlari bo‘yicha Xalqaro kongressi bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Hindiston, Albaniya, Qozog‘iston, Finlandiya, Kosovo singari mamlakatlardan vakillar ishtirok etdi. Anjumanda turkiy xalqlar madaniy merosi, tarixi, bugungi yutuq va muammolari haqida maʼruzalar tinglandi.

O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) Turkiyadagi qator muzey va kutubxonalar bilan hamkorlik qilib keladi. To‘pqopi saroyi muzeyi, Sulaymoniya kutubxonasi, Turk islom sanʼati muzeyi va boshqa muassasalarda O‘zbekistonga oid ko‘plab qo‘lyozmalar, nodir eksponatlar saqlanadi. Vaxid Turk, Tanju Seyxan, Lale Uluch, Xayrettin Ivgin singari taniqli sharqshunos, tarixchi va saeʼatshunos olimlar WOSCU tomonidan o‘tkazilgan kongresslarda muntazam ishtirok etib kelmoqda. Ular ishtirokida Turkiyadagi osori atiqalarimiz haqida qator kitoblar chop etildi.

Bursa viloyati bilan O‘zbekistonni bog‘laydigan jihatlar ko‘p. Jumladan viloyatdagi tumanlardan biri Keles deb nomlanadi. U yerda Toshkent viloyatining Keles shaxri xududidan borib qolgan yurtdoshlarimizning avlodlari istiqomat qiladi. Bursadagi Keles tumani madaniyat muzeyida O‘zbekistonga oid bir qancha tarixiy eksponatlarni ko‘rish mumkin.

Bursa Usmoniylar saltanatining ilk poytaxti bo‘lib, bu yerda sulolaning Usmon G‘oziy, O‘rxon, Boyazid Yildirim kabi tagiqli vakillari dafn qilingan.

Tadbirda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati ilmiy maslahatchisi Rustam Jabborov ishtirok etib, "O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida" loyihasi, jumladan Butunjahon jamiyati tomonidan Alisher Navoiyning dunyoning turli muzey va kutubxonalarida saqlanayotgan qo‘lyozmalari haqida maʼruza qildi. Dunyoning turli nuqtalaridan kelgan, jumladan bursalik olimlar bilan madaniy merosimiz targ‘ibrti xususida fikr almashdi. Shuningdek, Bursa Uludag‘ universiteti kutubxonasiga "O‘zbekiston madaniy merosi" turkumidanchop etilgan kitob-albomlar topshirildi.