Buxoro xattotlik maktabi namoyandalari sirasida:
Mir ’Ali Hiraviy ko‘chirgan kitobiga Kotibi sultoniy deb imzo qo‘yardi. U Hirotda tug‘ilgan, tarbiyalangan joyi esa Mashhaddir. Mir ’Ali o‘z zamonida dongdor xat ustasi bo‘lib, xatning ravish va raftida yagona edi. 1538 yil Ubaydullohxon Mir Ali Hiraviyni olimlar, hunarmandlar va san’atkorlarning katta bir guruhi bilan qo‘shib, Hirotdan Buxoroga olib kelgan. Ko‘plab mumtoz she’riy asarlar Mir Ali tomonidan ko‘chirilgan (inv. №№ 2298, 9700).
Mir Husayn Kulanki Buxoriy 1538 yil Ubaydullohxon tarafidan hunar ahllari bilan Buxoroga majburan olib kelingan. Ubaydullohxonning ko‘pgina asarlarini, xususan, «Devoni Ubaydiy»ni ko‘chirgan (inv. № 8931).
Sayyid Abdulloh Buxoriy (vaf. 1647 y.) «Darvish Abdiy» va «Mavlaviy» laqablari bilan shuhrat qozongan. Firdavsiyning «Shohnoma» asarini ko‘chirgan.
Hoji Yodgor (vaf. 1663 y.) Abdulazizxon davrining xattoti. Nasta’liqda zamonining tengsiz kishilaridan edi. Hofiz Sheroziyning ko‘pgina asarlarini ko‘chirgan.
Fozil Devona (XVIII – XIX asrlar) Buxoroda Mozori Sharif darvozasining tashqarisidagi «gulzor»da qalandarona hayot kechirgan, forsiy kitoblarni ko‘chiradigan kuchli xattotlardandir. Mirzo Abdulqodir Bedilning asarlarini shu shaxs ko‘chirgan (inv. № 11267).
Ahmad Donish (1826 – 1897) buyuk mutafakkir hamda ajoyib xattot bo‘lgan. Ko‘chirgan qo‘lyozmalariga o‘zi zarhal berib, sarlavhalar, miniatyuralar ishlagan. Bir qator o‘zi yozib ko‘chirgan avtograf asarlari hozirda hozirda O‘zR FA Sharqshunoslik instituti fondida saqlanadi (inv. №№ 2187, 2776, 2941).
Qadimiy qo‘lyozmalar haqida “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi “O‘zbekiston respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti to‘plami” (beshinchi qism, “Miniatyura va xattotlik”) (XXV jild)da batafsil ma’lumot olishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.