Buxoroda hukmronlik qilgan sulolalarning har biri o‘z davrida qadim Buxoro meʼmoriy qiyofasini shakllantirishga o‘z hissasini qo‘shgan. Bunyod etilgan imoratlarning katta qismi saqlanib qolmagan yoki butunlay qayta qurilgan.
Buxoro meʼmoriy obidalari (shu jumladan, ulardagi noyob bi tiklar)ning dastlabki tadqiqotchilaridan biri – yosh islohotchi Muso Saidjonov 1929 yiliyoq shunday yozgan ediki: «Buxoro yodgorliklaridagi yozuvlar – hali o‘qilmagan kitob, ularda turli davrlarning ko‘pdan-ko‘p tarixiy maʼlumotlari darj etilgan va bunday noyob qaydlarni boshqa, jumladan, qo‘lyozma manbalardan topib bo‘lmaydi».
Islomgacha bo‘lgan davrda so‘g‘d, xorazm, boxtar, o‘rxun-enasoy va uyg‘ur yozuvlariga ega bo‘lgan Markaziy Osiyo xalqlari arab istilosidan so‘ng, birinchidan, arab tilining xalifalikka tobe bo‘lgan barcha o‘lkalarda rasmiy tilga aylanishi, ikkinchidan, yurtimizda islom dinining yoyilishi natijasida arab yozuvidan foydalanishga o‘tdi.
Arablarning qariyb bir yarim asrlik hukmronligi tugab, Movarounnahr va Xurosonda ilk mustaqil davlatlar vujudga kelganidan so‘ng, din va ilm-fan tili sifatidagi nufuzini saqlab qolgan arab tili bilan bir qatorda, endilikda arab yozuvidan foydalanishga o‘tgan forsiy va turkiy tillar ham davlat va jamiyat hayotining turli sohalarida keng qo‘llana boshladi. Birinchi bosqichi IX–XII, ikkinchi bosqichi esa XIV – XV asrlarda yuz bergan O‘rta Osiyo Uyg‘onish davri yurtimizda misli ko‘rilmagan darajadagi ilm-fan va madaniyat taraqqiyotiga sabab bo‘ldi.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” nashri ostida chop etilgan Buxoro viloyatiga bag‘ishlangan kitob-albomida tanishishingiz mumkin.