“Buyuk ajdodlar merosi - III Renessans poydevori” O‘zbekiston olimlari forumi

Joriy yilning 3-4 iyul kunlari poytaxtda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Islom Sivilizatsiyasi markazi tomonidan “Buyuk ajdodlar merosi – III Renessans poydevori” O‘zbekiston olimlari forumi o‘tkazildi.

 

Ilmiy anjumanning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini yana-da takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5186-son qarorining “Jahon ilm-fani taraqqiyoti va sivilizatsiyasiga hissa qo‘shgan ajdodlar ilmiy merosini tadqiq qilish hamda yangi yuksalish davridagi yutuqlarni targ‘ib qilish” bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da belgilangan ilmiy-tadqiqot ishlari, muzey, arxiv, kutubxona va qo‘lyozmalar fondini boyitish tadbirlarini tashkil etishni taʼminlashga  qaratilgan.

Ikki kunlik Forumda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi institutlari vakillari, shuningdek, mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari yetakchi olimlari, muzeylar, kutubxona va turli hamkor tashkilot va muassalar hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

500 ga yaqin ishtirokchini qamrab olgan Forumda O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazining maqsad va vazifalar, kelgusi rejalarini namoyon etadigan 10 dan ortiq seminarlar va taqdimotlar tashkil etildi.

Forumda taqdim etilgan har bir loyiha bo‘yicha olimlar ishtirokida muhokamalar tashkil etilib, ishtirokchilar fikr-mulohazalar tinglandi. Bildirilgan taklif va tavsiyalar umumlashtirilib, yaxlit hujjat shaklida tashkiliy qo‘mitaga taqdim etildi.

Ilmiy anjumanning ikkinchi kunida Forumning yalpi yig‘ilishi o‘tkazildi. Yalpi yig‘ilish avvalida O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi hujjatli film namoyishi o‘tkazildi. So‘ng o‘tkazilgan seminarlar bo‘yicha muhokama va moderatorlarning sharhlari tinglandi.

Forum natijalari bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tomonidan tayyorlangan yakuniy hujjat muhokama etildi va qabul qilindi. Forum yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga ilmiy jamoatchilikning Murojaatnomasi va Deklaratsiya qabul qilindi.

Shu tariqa, ikki kun davom etgan “Buyuk ajdodlar merosi - III Renessans poydevori” O‘zbekiston olimlari forumi yakuniga etdi.