Buyuk ipak yo‘lidagi Baqtriya va Sugʻdiyona – Yapon muzeyi kolleksiyasida

Mixo muzeyida Misr va Mesopotamiyadan tortib Xitoygacha hamda qadimgi Amerika tamadduniga oid buyumlar to‘plami mavjud.

To‘plamda shuningdek Markaziy Osiyo san’atiga doir qadimgi Baqtriya madaniyatidan boshlab ilk o‘rta asrlar davriga mansub san’at namunalari salmoqli miqdorda mavjud.

Mazkur to‘plamdagi eng qadimiy buyumlar eramizdan avvalgi III ming yillikning oxiri – II ming yillikning boshlariga oid bo‘lib, ular Baqtriya-Marg‘iyona arxeologiya majmuiga tegishlidir. Markaziy Osiyoga doir to‘plamdagi buyumlarning  asosiy qismi miloddan avvalgi I ming yillikda Oks (Amudaryo) vohasidagi zardushtiylar san’atiga tegishlidir. Milodiy VI asrga oid tobut taxtasi bir muncha keyingi ob’yektlarga mansub bo‘lib, unda sug‘dlarning turmush tarzi aks etgan. Muzeydagi barcha san’at asarlari namunalari uning asoschisi Koyama Mixoko xonimning dunyoni yanada go‘zalroq qilish estetik g‘oyasi va rahbarligida to‘plangan.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “Markaziy Osiyo madaniy merosi  Yaponiya muzeylarida” kitob-albomida (XX jild) tanishishingiz mumkin.