Chervena Lgota qasridagi ro‘yjo

Ro‘yjo – yosh kelin-kuyovlar to‘shagi uchun kashta solib tikilgan choyshab.

Mazkur ashyo paxtali matoning to‘rt eni qo‘shib tikilgan asosdan iborat bo‘lib, ipak ipda kashta solingan hamda choki bosma, chekka hoshiyalar esa yurma va ilmoq chokida kashtalangan. Nisbatan yirik naqshlar hoshiyaga olinmagan.
        
Ro‘yjo kompozitsiyasi joynamoz kompozitsiyasiga yaqin – har ikkisida ham gumbazsimon taxmon(tokcha) tasviri tushirilgan. Bu tasvirning ichki qismi aqidaga binoan bo‘sh qoldirilgan – kashta solinmagan. Uning tomonlari va tepa qismiga ingichka naqshli hoshiya tushirilgan. Naqshlar asosini mayda gullar bilan uyg‘unlashgan to‘pbarggullar tashkil etgan. Ushbu ro‘yjoga tushirilgan kompozitsiyaning o‘ziga xos ko‘rinishi shundan iboratki, uning ikki pastki burchaklaridan ikkita gulning shoxlab o‘sgan ko‘rinishi tasvirlangan. Choyshabda bir nechta yirtilgan va dog‘ joylar mavjud. Naqshning sabzi rang bilan tikilgan joylari tugallanmagan.
       
Bu O‘rta Osiyoda buyum yoki ashyolarga kashta tikishning o‘ziga xos tomoni hisoblanib, kelgusi avlod mana shu ishlarni davom ettirishlarini ifoda qiladi. Ro‘yjoning popugi va astari keyinroq tikilgan ham bo‘lishi mumkin. Naqsh chizmasidagi ayrim nosimmetrik shakllar hunarmandchilik mahsulotlariga xos hisoblanadi. Ishning puxtalik bilan bajarilgani, kashta solishda diqqat va eʼtiborning aks etgani ro‘yjoning shaxsiy ehtiyoj uchun tikilganidan darak beradi.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “Chexiya Respublikasi to‘plamlari” kitob-albomida (XVI jild) tanishishingiz mumkin. 

Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.