Chex geografi va sayyohi doktor Emanuel Fayt to‘plami

Naprstek nomidagi muzey (ilgari Chex sanoati muzeyi bo‘lgan) XIX asrning 60-yillarida chex madaniy va siyosiy hayotida muhim shaxs hisoblangan Voyta Naprstek (1826 – 1894 yillar) va uning onasi, pragalik uddaburon tadbirkor Anna (1788 – 1873 yillar)ning tashabbusi bilan xususiy to‘plam sifatida tashkil topgan.

 

Chex geografi va sayyohi doktor Emanuel Fayt (1854 – 1929 yy.) tomonidan muzeyga keltirilgan to‘plam tarkibida XIX asr oxiri XX asr boshlaridagi badiiy hunarmandchilikka oid qimmatbaho buyumlar mavjud. U O‘rta Osiyoda ikki marta bo‘lgan, birinchi marta 1889 yili Kaspiy orti temir yo‘li bo‘ylab Turkmanistonga sayohat qilgan. Qizil Arvat, Ashxobod va Mari orqali sayyoh poyezdda O‘zbekiston chegarasidan uncha uzoqda bo‘lmagan Chorjo‘ygacha borib, mana shu yerda Buxoro amirligida tarqalgan tif epidemiyasi tufayli sayohati yakun topadi. 

U o‘zining ikkinchi sayohatini 1902 yilda amalga oshiradi. Fayt Buxoro, Samarqand, Toshkent, shuningdek Farg‘ona vodiysining Qo‘qon, Andijon singari o‘zbek shaharlariga boradi. Qizig‘i shundaki, ushbu sayohatning maqsadi mo‘g‘ul bosqinchilarining 1241 yil Moraviyaga hujumidan so‘ng shu yerlarda bo‘lishi mumkin bo‘lgan chex qo‘lyozmalarini Samarqand va Toshkentdan izlash edi. Faytning o‘zi shunday deb maʼlumot bergan: «Ikkinchi sayohatda qo‘shimcha maqsad ko‘zlangan, yaʼni Moraviyaga tatar bosqini davriga oid chex tilidagi maʼlumotlarning Samarqandda saqlanayotganligi to‘g‘risidagi mish-mishlarni tekshirib ko‘rish edi. Men ularni Samarqanddan, Buxorodan va Toshkentdan izladim, ammo hech narsa topa olmadim».

Fayt to‘plamidagi buyumlar Naprstek nomidagi muzeyga uning avlodlari orqali 1950 yilda yetib kelgan. Bu buyumlar Fayt o‘zining «Rossiya imperiyasi hududidagi O‘rta Osiyo xalqlari» nomli kitobida (Praga, 1910) keltirgan taʼrifi bo‘yicha bemalol tanib olsa bo‘lardi. Fayt to‘plami o‘n ikkita ashyodan iborat bo‘lib, uning asosiy qismini o‘zbek va tojik xalqlariga xos bo‘lgan anʼanaviy kumush taqinchoqlar, zardo‘zi bezakli ipak do‘ppi, charm hamyon va yog‘och urchuq tashkil etgan. 

O‘sha davrda (XIX asrning 90-yillaridan 1905 yilning boshlariga qadar) O‘rta Osiyoda chor Rossiyasi armiyasining kapellani Vinsent Shiyer yashagan va xizmat qilgan. U to‘plagan ashyolar, xususan, to‘rtta qalpoqcha va bir poy paypoq uning avlodlari tomonidan muzeyga 2000 yilda taqdim etilgan. Vinsent Shiyer XIX asrning oxirida muzey qabul qilib olgan buyum to‘plovchilari guruhining so‘nggi vakili hisoblanadi.
 

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “Chexiya Respublikasi to‘plamlari” kitob-albomida (XVI jild) tanishishingiz mumkin. 

Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.