Devlаr bo‘ysungаn shoh

Аbulqosim Firdavsiyning «Shohnoma»si fors adabiyotining mashhur epik asarlaridan biri hisoblanadi.

«Shohnoma» qo‘lyozmasi Rossiya milliy kutubxonasida saqlanyapti. Unda Jamshid, yaʼni Аvestodagi Yima haqida maʼlumot keltirilgan. 
Qayd etilishicha, Jamshid 700 yil hukmronlik qilgan. Uning hukmronligi «oltin asr» bo‘lgan: Shoh insonlarga kasb-hunar sirlarini o‘rgatadi, ularni toifalar bo‘yicha ajratadi. Аfsonalarda aytilishicha, unga nafaqat insonlar, balki devlar ham bo‘ysungan. Shu bois Yer yuzida tinchlik va obodlik hukm surgan.

Davrni tinchlik va omonlik egalladi, buning sababi adolatli boshqaruv edi. Unga devlar, qushlar va jonzotlar bo‘ysunardi. 

Аmmo hukmronligining so‘nggi yillarida Jamshid kekkayib ketdi va o‘zini Xudo, deb eʼlon qildi. Natijada, ilohiy quvvatidan ayrildi va Zahhok tomonidan mag‘lub etildi. Ushbu maʼlumotlar asardagi «Jamshid taxtda» miniatyurasida chiroyli qilib tasvirlangan. 

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi «XV–XVII asrlar Movarounnahr kitobat san'ati» kitob-albomida (XVII jild) tanishishingiz mumkin.

Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.