O‘rta Osiyoda azaldan metall idishlar yasash an’anasi mavjud.
Aynan Temuriylar davrida bu turdagi hunarmandchilik gullab-yashnagan. Oilaviy hunarmandchilik bilan shug‘ullanadigan ustalar bozorlarda joylashgan ustaxonalarida turli metall idishlar yasab, o‘sha yerning o‘zida sotishgan. Mazkur san’at avloddan avlodga o‘tib kelgan hamda zarb berish (pardozlash), yo‘nish, o‘yib tasvir berish, qoliplash (repusse texnikasi) kabi jarayonlarni bilishni talab qilgan.
Metallni badiiy qayta ishlashga ixtisoslashgan hunarmandlar asosan mis va uning qotishmalaridan, shuningdek, bronza va jezdan buyumlar yasashgan. Mis mahsulotlari ishlab chiqarishning asosiy markazlari Buxoro, Qo‘qon, Samarqand, Xiva, Qarshi, Shahrisabz va Toshkent bo‘lgan.
Turli hunarmandchilik markazlarida yasalgan buyumlar shakli va bezaklari bilan bir-biridan farq qilgan. Ularning orasida turfa nomga ega va shakli bilan biroz farqlanuvchi suv idishlari mashhur bo‘lgan. Eng keng tarqalgani ko‘zalar – qumg‘on, oftoba, shuningdek, choy damlash uchun choynaklar, tahorat olish uchun idish – dastsho‘y, mahsulotlarni saqlash uchun tovoqlar, chelaklar, patnislar, xushbo‘y moy soladigan idishlar, tamakidonlar, chekish va yozish uchun asqotadigan buyumlar bo‘lgan.
Bu haqda batafsil ma’lumotni “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidan “Polsha muzeylaridagi O‘zbekiston madaniy merosi”(XL jild) kitob-albomidan olishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.