Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahridagi «Dor ut-tilovat» majmuasida dafn etilgan Shamsiddin Kulor taxminan 1350 yillarda vafot etgan. Uning laqabi odatda “Kulol” deb buzilgan tarzda aytiladi. Bu shaxs va uning maqbarasi qurilishi tafsilotlari haqida Amir Temur va dastlabki temuriylar davrining tarixchilaridan biri Sharafiddin Ali Yazdiy maʼlumotlar bergan edi.
Uning maʼlumotlariga qaraganda, Shayx Amir Temurning otasi Amir Tarag‘ayning maʼnaviy piri bo‘lgan, Amir Tarag‘ay mazkur so‘fiy pirni aziz tutgan ekan. Amir Tarag‘ay Shamsiddin Kulorning majlislarida ishtirok etgan va unga ehtirom izhor qilgan edi.
Yazdiyning maʼlumotlariga qaraganda, Shamsiddin Kulor o‘z shajarasini mashhur tasavvuf shayxi Shahobiddin Abu Hafs Umar Suhravardiy (1145–1234)-ga bog‘lagan ekan.
Ammo tadqiqotchilar fikricha, mazkur shayx uzoq muddat tutiladigan ro‘za (chillanishinlik) va uzlatnishinlikni amaliyotda qo‘llamagan edi. U hokimiyat tepasida turganlar bilan aloqada bo‘lgan, shu taxlit bu narsa hokimiyat egalarining shariat qonun-qoidalariga ergashishiga yordam beradi deb o‘ylagan edi. U Xalifa an-Nosirning diplomatik topshiriqlarini bajargani, masalan, muzokaralar o‘tkazish uchun Xorazmshoh Muhammad Tekeshning (1200–1220 yillarda hukmronlik qilgan) huzuriga borgani ham maʼlum.
Yazdiyning keltirishicha, 762/1360–61 yilda kasallikdan vafot etganidan so‘ngra Amir Tarag‘ay o‘z otasi Amir Bargul va boshqa qarindoshlari yonboshida dafn qilingan edi. Taxtni egallaganidan keyin (1370) Amir Temur o‘z otasi ustixonlarini Shamsiddin Kulor qabri yoniga ko‘chirishni (775/1373–74 yil) va ana shu joyda (yaʼni, shubhasiz, Shayx va o‘z otasi qabrlari ustida) gumbazli bino qurishga buyruq beradi. Mazkur bino Jome masjididan uncha uzoq bo‘lmagan yerda joylashgan edi.
Sharafiddin Ali Yazdiy Shamsiddin Kulor mozorini va qalʼalardan birini qamal qilish chog‘ida halok bo‘lgan Amirzoda Umarshayxning jasadi Keshga ko‘chirilishi munosabati bilan yonma-yon qurilgan inshootlar majmuasini ham tilga olib o‘tadi. Eslatib o‘tamiz, Umarshayx mirzo 796/1394 yilda o‘ldirilgan, 797/1395 yilda jasadi ko‘chirilgan.
Xuddi shu joyda muallif majmuani mufassal tasvirlaydi va u «Sohibqiron yangi qurdirgan imorat»da dafn etilgan, deb yozadi. U, shuningdek, Shamsiddin Kulor va Amir Tarag‘ay maqbarasi (mozori)dan «qibla tomonda» (yaʼni, g‘arb tarafda) bo‘lgan yerda joylashgan va Amir Temurning katta o‘g‘li Mirzo Jahongirning (1376 yilda vafot etgan) yangi maqbarasidan chapda «yangi mozorlar va oldi ochiq gumbazli maqbaralar» qurilgani, ana shu maqbara va mozorlarga, Amir Temurning farmoniga ko‘ra, qay yerda hayotdan ko‘z yumishidan qatʼi nazar, uning barcha qarindoshlari va avlodlari dafn etilishi lozim, deya deya qo‘shimcha qiladi.
Shunday ekan, alohida qayd etish kerakki, Shamsiddin Kulorni adashtirib Shamsiddin Kulol bilan chalkashtirmaslik kerak (1370 yilda vafot etgan), Amir Kulol mashhur tasavvuf shayxi Bahouddin Muhammad ibn Burhoniddin Naqshband (1318–1389) pirlaridan biri bo‘lgan.
Naqshbandiya manoqiblarida go‘yoki Sohibqiron ana shu shayxdan duo olganligi to‘g‘risidagi afsonalar asosida (uning ismi Shamsiddin Kulor nomi bilan o‘xshashligidan foydalanilgani ehtimoldan yiroq emas), Amir Temur va Shamsiddin Kulol nomlarini sunʼiy tarzda bir-biriga bog‘lagan edi.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" loyihasining “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” nashri ostida chop etilgan Qashqadaryo viloyatiga bag‘ishlangan kitob-albomida tanishishingiz mumkin.