Drezden davlat sanʼat to‘plamlari

XVI asrdan Movarounnahr shaharlari sekin-asta Buyuk ipak yo‘lining yirik oraliq manzillari maqomini yo‘qota boshlaganlar.

Shunga qaramay, mintaqadagi yangi davlat birliklari – Xiva va Qo‘qon xonliklari, Buxoro amirligining yangi hukmron sulolalari, vaqtincha bo‘lsa-da, to XIX asr ikkinchi yarmi ichida bosqichma-bosqich Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingunlariga qadar, bu boradagi eski tartibni tiklashga muvaffaq bo‘lganlar. Savdo-sotiq yana gullab yashnay boshlagan.

Aralash aholisi o‘zbeklar, tojiklar, turkmanlar va boshqa elatlardan iborat Buxoro amirligida shaharlik hunarmandlar ajoyib o‘ymakorlik va zargarlik buyumlari, matolar, kashtalar va hunarmandchilikning boshqa ko‘plab namunalarini yaratganlar. Zodagonlar ust-boshi, davlat xizmatchilarining maxsus kiyimlari, shuningdek, ot yopinchiqlarini zardo‘zi usulda tikish erkaklar ishi sanalgan. Uy to‘qima buyumlari, kiyim-kechaklar, ot asbob-anjomlarining bezak unsurlarining ipak kashtalari esa xotin-qizlar tomonidan tikilgan. Ushbu sanʼat asarlarining gulli bezaklarida eng qadimgi mahalliy anʼanalar, shuningdek, usmoniylar, Kavkaz, Eron, Hindiston va Uzoq Sharq taʼsirini ilg‘ash mumkin.

Tantanavor qurol-aslahalar ko‘rilayotgan davrga oid favqulodda diqqatga sazovor yodgorliklar sirasiga kiradi. Pichoqlar va xanjarlar oltin va yarim qimmatbaho toshlar bilan mohirona bezatilgan. Toshlar orasida ayniqsa feruza mashhur bo‘lgan. Kalta qilich XVIII – XIX asrlarda, avvalo Kavkazda keng tarqalgan edi. Rossiya Kavkazortini bosib olgandan so‘ng qilichning bu turi, ularning ustalarining ko‘chib borishlari natijasida imperiyaning o‘zga chekkalariga ham yoyilgan.

Xususiy to‘plovchilarning saxovatli sovg‘alari tufayli Drezden etnologiya muzeyining Qurol-aslaha bo‘limi o‘zbek hunarmandchiligining ko‘plab ajoyib namunalariga ega bo‘lgan va ular 2015 yildan boshlab Turk xonasida doimiy ko‘rgazmaga qo‘yilgan. Masalan, bir-biriga solingan ichi kovak uchta pichoq temirchilik mahoratining durdonasi hisoblanadi. Buxoro, Qo‘qon va Shahrisabzda tayyorlangan turli xanjar va pichoqlar, hashamatli kamarlar, ot anjomlari unsurlari, to‘qimachilik buyumlariga qo‘shimcha tarzda Qurol-aslaha bo‘limida ajoyib tillaqosh va Samarqand abr matolari namunalari bor.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “Germaniya Federativ Respublikasi to‘plamlari” kitob-albomida (XI jild) tanishishingiz mumkin.