O‘zbekiston davlat tarixi muzeyida XIX asr oxiri – XX asr boshlari dungan madaniyati va turmush tarziga oid uch yuzdan ortiq o‘ziga xos ashyolar to‘plami mavjud.
Ularning aksariyati Muzey ilmiy xodimlari, shu jumladan mashhur etnograf Turdi Mirgiyazov tomonidan 1927–1928 yillarda Qozog‘istonning Sho‘rtepa qishlog‘i va Qirg‘izistonning To‘qmoq, Pishpek shaharlari hamda Qora qo‘nguz qishlog‘idan to‘plangan.
Dunganlarning anʼanaviy turar joylarida xona devoriy kashtalari va matoli bezaklari katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Ajoyib shakl, o‘ziga xos rasmlar, mohir bekalar isteʼdodi va tasavvurlari uy anjomlarini xalq sanʼatining nodir buyumlariga aylantirgan. Devoriy kashtalar guldon, turunj va boshqa shakllarga ega bo‘lib, go‘zallik va farovonlik tushunchasi bilan bog‘liq. Odatda ular alohida qismlardan ulab tikilgan bir qancha turli shakllardan yasalgan bo‘lib, karton qobiq yoki zichlab tiqilgan paxtadan iborat.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “O‘zbekiston tarixi Davlat Muzeyi to‘plami” (ikkinchi qism) kitob-albomida (XXVII jild) tanishishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.