Ebru - suvda surat chizish san’ati bo‘lib, «turkcha marmarlash» deb ham ataladi.
Rassom maxsus idishdagi suvda bo‘yoqlar bilan surat chizadi va uni qog‘oz yoki matoga o‘tkazadi.
Ebruning eng qadimiy mashhur namunalari XI asrga tegishli. Bugungacha yetib kelgan bu tasvirlarning mukammalligi bu san’atning
XI-asrdan ancha avval paydo bo‘lganidan darak beradi.

San’atshunos olimlar haligacha Ebruning qachon va qayerda paydo bo‘lgani haqda yagona xulosaga kelishmagan.
Ba’zilar bu san’atni Hindistonda paydo bo‘lgan deb hisoblasa, ba’zilar Eronda paydo bo‘lib, keyinchalik Turkiyaga o‘tgan deb hisoblaydi.
Ebruning Buxoroda paydo bo‘lib, Eron orqali turklarga yetib kelgani haqidagi tahminlar ham mavjud.
Uning tarixi sirligicha qolmoqda, hatto «Ebru» so‘zining ma’nosi ham noma’lum. Qisqasi, uning Sharqda paydo bo‘lganigina aniq.
Ebruda asar yaratishning turli yo‘nalishlari mavjud. Unda istalgan tasvirni, gullar, insonlar, abstrakt suratlar,
xullas oddiy qog‘ozga oddiy mo‘yqalam bilan qanday tasvir tushirish mumkin bo‘lsa barini yaratish mumkin.

Bo‘yoqlar qo‘lda yaratilgan maxsus (atirgul dastasi va ot yoli bilan) mo‘yqalam ostiga yengil urish bilan suvga to‘kiladi va
maxsus (masalan, nima chizishga qarab qalin va ingichka bigizsimon) vosita bilan ishlov beriladi.
Shuningdek, taroqsimon uskunani suv ustidan yurgizish orqali quyidagi suratdagi kabi uslubni hosil qilish mumkin.
Ebru san’ati namunalari BMTning madaniy meroslar ro‘yxatiga ham kiritilgan. Uning o‘ziga xos jihatlaridan biri shundaki,
bir marta chizilgan suratni qayta takrorlashning iloji yo‘q. Shu sababdan ham bu san’at o‘z individualligini bugungacha saqlab kelmoqda.
