Endi moddiy madaniy meroslarga zarar keltirganlar 7 yilgacha qamalishi mumkin...

O‘zbekistonda moddiy madaniy meros ob’ektlariga zarar keltirganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda.
Unga ko‘ra, besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanishi ko‘zda tutilmoqda. 

3-4 fevral kuni Oliy Majlis Senatining 23-yalpi majlisida senatorlar “Moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish
kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni muhokama qildilar. 

Qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga quyidagi o‘zgartishlar kiritilmoqda:

Xususan, Jinoyat Kodeksining 132-moddasiga kiritilayotgan qo‘shimchaga ko‘ra, davlat muhofazasiga olingan
moddiy madaniy meros ob’ektlarini nobud qilish, buzish juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan bo‘lsa,
besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, moddiy madaniy meros ob’ektlarini ta’mirlash va restavratsiya qilish bilan bog‘liq jarayonlarda ularga juda ko‘p
miqdorda zarar yetkazish bevosita mansabdor shaxslar ishtirokida sodir etilayotganini inobatga olib, ushbu jinoyatlarni tergov qilish
vakolatini prokuratura organlari tergovchilariga o‘tkazish nazarda tutilmokda.

Amaldagi Jinoyat kodeksining 132-moddasiga ko‘ra Moddiy madaniy meros ob’ektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazish —
bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud
uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.