Sankt-Peterburgdagi Davlat Ermitaji jahon miqyosida madaniy-tarixiy va badiiy boyliklar saqlanayotgan eng yirik maskandir.
Ermitajda saqlanayotgan musiqa bilan bog‘liq sahnalar aks etgan badiiy metallardan tayyorlangan ikki mashhur ashyo bor.
Bular:
1. Yunon va Sharq qahramonlari qatnashgan to‘y sahnasi aks etgan kumush kosa. Unda qahramonlar orasida qum soat va fleyta shaklidagi baraban chalayotgan ikkita maymun aks etgan. Kosa O‘rta Osiyo anʼanalari asosida ishlangan bo‘lib, unda Sharq ellinizmiga xos bo‘lgan, turli madaniyat va anʼanalarning uyg‘unligi ifodalangan. Eramizdan avvalgi VI–VII asrlarga mansub.
2. Zarhal kumush kosa, 1909 yilda topilgan hudud – Perm guberniyasi Anikovo qishlog‘i nomi bilan «Anikovo idishi» deb nomlanadi. Mutaxassislar fikricha, idish O‘rta Osiyoda yaratilgan va VI–VII asrlarga mansub. Undagi tasvirlar mutaxassislar tomonidan turlicha talqin qilinadi. Ilk va ko‘pchilik tomonidan qabul qilingan talqinlardan biriga ko‘ra, kosada burg‘u sadolari ostida afsonaviy qahramon Siyovushning xoki solingan ostadon olib ketilayotgani tasvirlangan. Ansambl kuy chalib turgan yetti nafar karnaychi-musiqachilardan tashkil topgan.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi "O‘zbekiston musiqiy merosi Rossiya Federatsiyasi to‘plamlarida" kitob-albomida (VI jild) tanishishingiz mumkin.
Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.