Sankt-Peterburgdagi Davlat Ermitaji jahon miqyosida madaniy-tarixiy va badiiy boyliklar saqlanayotgan eng yirik maskandir. Ermitaj to‘plamlari turli madaniyatlar qamrovi va ashyolarning xilma-xilligi bilan alohida ajralib turadi.
Mazkur muassasada O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlariga tegishli madaniy obyektlar jamlanmalari ham uchraydi.
Ermitajda saqlanayotgan O‘zbekistonning musiqiy merosi alohida o‘rganishga loyiqdir. Afrosiyobning musiqa mavzusiga aloqador kichik plastikasi sifatida albomda bir qator terrakota buyumlar – “yig‘loqi” figuralar, nay, surnay va lyutnya chalayotgan musiqachilar haqida ham to‘xtalib o‘tiladi.
Albomdagi mashhur terrakota haykalchalardan yana biri O‘zbekistonning Surxondaryo viloyati Zartepa shaharchasidan topilgan «Pan fleytasi chalayotgan musiqachi» bo‘lib (№ A-2549), u miloddan avvalgi I – IV asrlarga taalluqli ekanligi taxmin qilingan. Shuningdek, ular qatoriga Xorazm viloyati Bozorqalʼa qo‘rg‘onidan S. P. Tolstov ekspeditsiyasi paytida topilgan lyutnya chalayotgan musiqachi (eramizgacha bo‘lgan asrlar va eramizning dastlabki asrlari) haykalchasini ham kiritish mumkin. Musiqashunos R. L. Sadoqovning fikricha, u ikki torli chertma cholg‘u asbobini eslatar ekan.
Bu haqda batafsil ma’lumotni “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumining “Rossiya Federasiyasi to‘plamlaridagi O‘zbekiston musiqiy merosi” (VI jild) kitob-albomidan olishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.