U O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) boshqaruvi raisi sifatida mamlakatimizning boy madaniy merosini asrab-avaylash va ommalashtirish borasidagi vazifasini davom ettirib kelmoqda.
U Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlagan keng islohotlar tufayli “O‘zbekiston madaniy merosi” turkumidagi 70 jildlik nashriy to‘plam, “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” turkumidagi 20 jild kitob-albomlar, mamlakatimiz madaniyatiga oid 10 dan ortiq eksklyuziv nashrlar, shuningdek, O‘zbekistonning qadimiy va o‘rta asrlar qo‘lyozmalari nusxalarining bir qator faksimile nashrlari chop etilishida tashabbuskor va muallif sifatida ishtirok etgan. Bu loyihalar O‘zbekiston madaniy merosini asrab-avaylash va o‘rganish, uni zamonaviy jamiyat va kelajak avlodlar uchun ochiq qilishda muhim hissa bo‘ldi. Bu ishlarning barchasini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning O‘zbekiston xalqlari madaniy merosini chuqur o‘rganish va kelajak avlodlarga yetkazishga qaratayotgan shaxsan ko‘magi va ulkan eʼtiborisiz amalga oshirib bo‘lmas edi. WOSCU jamoat va davlat tashkilotlari, ilmiy doiralar va ijtimoiy masʼuliyatli korxonalar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Firdavs Abduxoliqov butun umrini O‘zbekiston hududida islom sivilizatsiyasini o‘rganishga bag‘ishlagan atoqli tadqiqotchidir. Uning asarlarida “Katta Langar Qurʼoni”, “Husayn Boyqaro devoni”, “Ravzat us-safo”, “Temur tuzuklari”, “Qo‘zg‘almas yulduzlar kitobi”, “Zafarnoma” va “Meʼrojnoma” kabi qadimiy va o‘rta asr qo‘lyozmalariga batafsil sharh va tahlillar kiritilgan. Bu asarlar islom madaniyati haqidagi tushunchamizni boyitibgina qolmay, balki zamonaviy olim va tadqiqotchilar uchun muhim maʼlumot manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Uning chuqur bilimi va tinimsiz mehnati natijasida “114 Qurʼon qo‘lyozmalari", “Dunyoning buyuk Qurʼonlari” kabi salmoqli loyihalar amalga oshirilgan. O‘zbekiston va jahonning yetakchi Qurʼonshunos olimlari faoliyat yuritayotgan ushbu noyob nashrlar nafaqat tarixiy maʼlumotlarning bebaho manbalari, balki islom sivilizatsiyasining boy madaniy va ilmiy merosidan dalolatdir. Uning asarlari ushbu noyob hujjatlarning saqlanishiga hissa qo‘shadi va ularni zamonaviy tadqiqotchilarga va keng ommaga taqdim etadi.
Bundan tashqari, Firdavs Abduxoliqov kinematografiya sohasidagi faoliyati bilan ham tanilgan. O‘zbekiston madaniy merosiga bag‘ishlangan ko‘plab hujjatli va badiiy filmlar suratga olgan va tashkil etgan. Xususan, “BBS” o‘zbek xizmati bilan hamkorlikda yaratilgan “Usmon Qurʼonining qaytishi” va "Katta Langar Qurʼoni izidan" filmlari madaniy diplomatiyaning muhim omiliga aylanib, butun dunyo ahliga o‘zbek madaniy merosini yana-da teran anglash va qadrlashga ko‘maklashish maqsadlari uchun xizmat qiladi.
Firdavs Abduxoliqovning eng muhim yutuqlaridan biri uning O‘zbekiston tarixiy shaxslariga bag‘ishlangan shaxsiy tadqiqot ishidir. Mazkur ilmiy ish doirasida chop etilgan noyob nashr ilk bor tariximizga dahldor alloma va hukmdorlarning 150 dan ortiq portretlarini aniqlash imkonini berdi. Kitobda XI asrdan XVIII asrga qadar davr mobaynida yaratilgan 170 ta nafis miniatyuralar taqdim etilgan.
Ko‘plab ilmiy maqolalar muallifi Firdavs Abduxoliqov fan va madaniyat sohasidagi yutuqlari uchun ko‘plab xalqaro mukofotlar laureati hisoblanadi. Jumladan, 2019 yilda Fransiya Tibbiyot Akademiyasida Ibn Sino nomidagi Prix International Avicenne 2019 xalqaro mukofotiga sazovor bo‘lgan. Yana bir mukofot sifatida Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi Xristian Danilovich Fren nomidagi oltin medalini ko‘rsatib o‘tishimiz mumkin. U Abduxoliqovga 2023 yilda akademik sharqshunoslik ilmi rivojiga qo‘shgan hissasi uchun berilgan. Abduxoliqovning turkiy dunyo madaniyati va sanʼatiga qo‘shgan hissasini eʼtirof etish maqsadida 2023 yilda unga “TURKSOY oltin medali” berildi.
Ishonchimiz komilki, Firdavs Fridunovichning Islom sivilizatsiyasi markazidagi faoliyati madaniy merosni kelajak avlodlar uchun yana-da asrab-avaylash va ommalashtirishga, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.