Fargʻona vodiysi aholisi qadimda qanday poyabzal kiyishgan?

Farg‘ona vodiysi aholisi qora rangli, qattiq tagcharmli, teridan tayyorlangan baland etik, yumshoq charm mahsi va kavush kiygan.

F. Nazarov kavush kiyish zarurati haqida quyidagicha yozgan edi: “Tuproqli shaharda yer shu qadar qizib ketadiki, ko‘chada oddiy poyabzal kiyib yurishning iloji yo‘q. Buning uchun mahsi ustidan kavush kiyiladi”. 

Qish faslida noqulay ob-havoga mo‘ljallangan yog‘och poyabzal – hakalakash kiyilgan. Hakalakashning uchta oyoqchasi bo‘lgan. Mustahkam bo‘lishi va sirpanmasligi uchun hakalakashga metall nag‘al qoqilgan. Yomg‘ir yoqqanda hakalakash yalangoyoqqa yoki charm patak, qishda esa charm mahsi bilan kiyilgan. Mahsi qo‘y terisidan tikilib, tagcharmi qattiq bo‘lgan.

Bu va boshqa o‘ziga xos milliy liboslar haqidagi ma’lumotlarni “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidan “O‘zbekiston muzeylari va xususiy kolleksiyalari materiallari bo‘yicha an’anaviy o‘zbek liboslari” (1-qism, XLVIII jild, 313-bet) kitob-albomidan olishingiz mumkin.

Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.