Hindistonning Rampur shahri o‘zining xanjar va bosh kiyimlari bilan qadimdan mashhur bo‘lgan.
Ushbu shahar bir vaqtlar rohilla urug‘i navoblari tomonidan boshqarilgan va shu nomdagi mulk sanalgan.
Rampur mulki turli san’atkorlar va rassomlarga homiyligi bilan mashhur bo‘lib, unga navob Fayzullaxon asos solgan. Fayzullaxon 1774—1794 yillar hukmronlik qilgan. Uning hukmronligi davrida saroy tomoshaxonasi (qimmatbaho sovg‘alar xazinasi)da kutubxonaga asos solingan bo‘lib, bu yerda u o‘zi meros qoldirgan hujjatlar, kitoblar va san’at buyumlarini saqlab kelgan.
Mirzo G‘olibning (1869 yilda vafot etgan) shogirdi, shoirlikdan ham xabari bo‘lgan navob Muhammad Yusuf Alixon (1855—1865 yillarda hukmronlik qilgan) adabiyotni juda yaxshi ko‘rardi. U kutubxonani saroyning maxsus qurilgan yangi qismiga ko‘chirdi va bu yerga Kashmir hamda Hindistonning boshqa viloyatlaridan muqovasozlar va miniatyurachi rassomlarni jalb qila boshladi.
Navob Qalbi Alixon (1865—1887 yillarda hukmronlik qilgan) taniqli olim va kitobsevar inson edi. U bilimdonlarga qo‘lyozmalar va san’at buyumlarini to‘plashni buyurib, mavjud kolleksiyalarni rostmana boyitdi. Navob Hamid Alixon (1889—1930 yillarda hukmronlik qilgan) 1892 yilda kolleksiyani qal’a binosiga ko‘chirtirdi. 1966 yilgacha hukmronlik qilgan so‘nggi navob Riza Alixon esa kutubxonaga katta qiziqish bilan qarab, unga ko‘plab kitoblar va miniatyuralar sotib oldi. U hind musiqasining ashaddiy muxlisi sifatida ham esga olinadi.
Mavzuga doir batafsil maʼlumotni “Oʻzbekiston madaniy merosi dunyo toʻplamlarida” turkumidagi “Oʻzbekiston adabiy merosi Rampur Razo kutubxonasi toʻplamida” (XXXIII jild) kitob-albomidan bilib olishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.