Fransiya Milliy kutubxonasi to'plamlaridagi Movarounnahr uchta eng qimmatli bezakli qo'lyozmalar

XIX asrning ikkinchi yarmida Sharq qo‘lyozmalarining eng katta fransuz kolleksiyachilaridan biri bo‘lgan Sharl Shefer (1820 – 1898) nafaqat arab, fors va turkiy tildagi matnlarga qiziqqan, balki naqshlangan va suratlar bilan bezatilgan qo‘lyozmalarni ham to‘plagan. Shefer – sharqshunos va tarjimon, 1871 yildan keyin esa Sharq tillari fransuz maktabining professori va direktori ham bo‘lgan.

1899 yilda uning qo‘lyozmalar to‘plami butunligicha Fransiya hukumati tomonidan sotib olinadi va Fransiya Milliy kutubxonasiga taqdim etiladi. Bu noyob kitoblar orasida Movarounnahrning bezakli qo‘lyozmalari ham bor. Biz ulardan uchtasini aytib o‘tishimiz mumkin: birinchi doston – Abdurahmon Jomiyning «Tuhfat ul-ahror» (Supplément persan 1416) dostoni, 886/1481 yilda xattot Sulton Ali Mashhadiy tomonidan Hirotda ko‘chirilgan. Sheferning ikkinchi qo‘lyozmasi (Supplément persan 1449) Jomiyning xarjirdlik jiyani shoir Abdulloh Hotifiy (1521 y.v.e.) tomonidan bitilgan «Xusrav va Shirin» forscha masnaviysining kichkina nusxasidir.

Sharl Shefer usmoniylar davlatida Mir Alisher Navoiyning «Lison ut-tayr» («Qushlar tili») dostonini ham sotib olgan. Qo‘lyozma hozirgi vaqtda Supplément turc 996 raqami ostida saqlanmoqda, ilgari mazkur qo‘lyozma Mustafo Ismatga tegishli bo‘lgan (qarang: 1 a sah.). Kolofoni yo‘q, xattotning ismi va sanasi nomaʼlum. Matn turkiy sheʼrlarni ko‘chirgan Ali Hijroniy uslubidagi nastaʼliq xatida sifatli ko‘chirilgan. Dostonga chizilgan oltita miniatyuraning bittasida sanasi mavjud: 20 a sahifada 960/1552 – 155 3 yil va musavvir ishlagan joy – «Buxoro yurti (balada)» ekanligi qayd qilingan. Aynan shu miniatyurada «Sulton Abulfath Muhammadyor Bahodur kutubxonasi uchun» degan jumla bitilgan.

Mavzu doirasida batafsil «O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» turkumidagi «MOVAROUNNAHR BЕZAKLI QO‘LYOZMALARI FRANSIYA TO‘PLAMLARIDA» kitob-albomida (XXIX jild) tanishishingiz mumkin.

Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.