Fransiya milliy kutubxonasida Sa'diyning “Bo‘ston” asari qo‘lyozmasi ham saqlanyapti. Ushbu qo‘lyozma hozirgi kunda “Supplément persan 1187” raqami bilan qayd etilgan.
1894 yildan keyin Markaziy Osiyoda kitobat san'ati tarixini anglashda muhim bo‘lgan qo‘lyozma mashhur olim, sanskrit tili va zardushtiylik ta'limoti mutaxassisi, 1886 yili Hindiston va Afg‘oniston, xususan, Peshavorga sayohat qilgan Jeyms Darmsteterning (1849—1894) bevasi Agnes Robinson tomonidan taqdim qilingan. Qo‘lyozma 964/1556—1557 yillarda buxorolik kotib al-Xoqoniy Mir Husayn Husayniy xattot tomonidan ko‘chirilgan. Xoqoniy sifati Buxoro xoni saroy xattoti degan ma'noni anglatadi. Sa'diy matnini to‘rtta tasvir bezab turibdi, ammo noma'lum sababga ko‘ra, ulardan ikkitasi hijriy 963 yil, ya'ni nusxa ko‘chirishdan bir yil avvalgi sana bilan belgilangan. Har uchala suratda quyidagi izoh uchraydi: taxt vorisi «Valiahd Abulg‘oziy Navro‘z Ahmad Bahodir Xon Xoqon davrida». Afsuski, Darmsteter bu qo‘lyozmani qayerdan olganligi ma'lum emas.
Mavzu doirasida batafsil «O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» turkumidagi «MOVAROUNNAHR BЕZAKLI QO‘LYOZMALARI FRANSIYA TO‘PLAMLARIDA» kitob-albomida (XXIX jild) tanishishingiz mumkin.
Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.