Fransuz vaziri kolleksiyasidagi hazina

«Me’rojnoma» nomli mazkur nihoyatda qiziqarli qo‘lyozma nafaqat tilshunoslar, balki san’atshunoslar va din tarixchilari uchun juda muhimdir.

Antuan Gallan o‘z kundaligida bu kitobni  1673 yil 14 yanvarda Istanbulda sotib olingani haqida qayd etib o‘tgan. Kitob mashhur  fransuz vaziri Kolberning (1619–1683) kolleksiyasi uchun sotib olingan. Kolber diniy  mazmundagi kitoblarni zo‘r ixlos bilan to‘plar, mazkur qo‘lyozma esa payg‘ambar Muhammad  (s.a.v.) va me’roji, ya’ni moʻjizaviy tarzda arshi a’loga ko‘tarilishi bayoni bilan chindan ham noyob edi. Keyinchalik qo‘lyozma 1732 yilda Qirollik kutubxonasiga keltirilgan. 

1882 yilda fransuz olimi Abel Pave de Kurteyl «Me’rojnoma» matnining fransuzcha tarjimasini, 1889–1890 yillarda esa «Tazkirat ul-avliyo» asarining turkcha nusxasini nashr qildirib, ular Supplément turc 1902 raqamli qo‘lyozmaning ikkinchi qismini tashkil etgan. Mazkur tarjima uyg‘ur yozuvini o‘qishga muvaffaq bo‘lgan Jan Per Abel Remyuzaning (1788–1832) sa’y-harakatlari tufayli amalga oshirildi.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi «Movarounnahr bеzakli qo‘lyozmalari Fransiya to‘plamlarida» kitob-albomida (XXIX jild) tanishishingiz mumkin.

Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.