Naprstek nomidagi muzeyning O‘rta Osiyoga oid to‘plamini tashkil qilgan kishilardan biri Turkmanistonning Mari va O‘zbekistonning Kattaqo‘rg‘on shaharlaridagi chor Rossiyasining 8-polk harbiy kapellani Frantishek Ganek hisoblanadi.
Muzey arxivida uning Naprsteklar oilasiga yozgan xati saqlangan. Bu xat 1894 yilning 6 iyulida jo‘natilgan bo‘lib, shu yilning 22 mayida jo‘natilgan va olinganligi tasdiqlangan yana bir xat bilan birga saqlangan. Xat ichida Ganekning portreti va O‘rta Osiyodan yana uchta fotosurat ham bor edi.
Bu xat qimmatbaho hujjat hisoblanib, unda o‘zbeklarning mang‘it sulolasi vakili, amir Said Abdulahadxon (1885 – 1910 yillar) hukmronlik qilgan davrida Buxoro amirligining o‘sha vaqtdagi hayoti to‘g‘risidagi maʼlumotlar aks etgan. Ganek ushbu xatda XIX asr oxirlarida amirlikning kundalik hayoti to‘g‘risidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashgan va quyidagilarni bitgan:
«Kattaqo‘rg‘on Buxoro va Samarqand shaharlari o‘rtasida joylashgan, ularning birinchisigacha bu yerdan 160 chaqirim, ikkinchisigacha esa 67 chaqirim masofa bosish kerak. Bu shaharda 1200 nafar rus millatiga mansub kishi, 15000 nafar tub aholi istiqomat qiladi. Men yaqinda borib kelgan Buxoro Osiyoning katta shaharlaridan biri bo‘lib, loysuvoq uylar va tor ko‘chalardan iborat ekan. Menga yaxshi tanish bo‘lgan buxorolik vazir janob Murberdalevning ko‘magi bilan shaharga va yer osti qamoqxonasiga kirishga ruxsatnoma oldim. Shahar markazida amirning qishki saroyi joylashgan, sal nariroqda esa baland minora qurilgan. Mana shu yerdan biz amirning Buxorodan uch chaqirim naridagi yozgi saroyiga bordik. Bu bino mening nazarimda, go‘zalligi bilan tovlanib turmasa ham, juda did bilan 300 tadan kam bo‘lmagan mebel bilan jihozlangan. Qabulxona uchun mo‘ljallangan katta zalga Rossiya podshosi tomonidan sovg‘a qilingan oltin taxt o‘rnatilgan, katta va qimmatbaho gilamlar to‘shalgan, uncha katta bo‘lmagan stol ustida esa ariston joylashtirilgan. Hozir amir Karmanadagi o‘zining ikkinchi yozgi qarorgohida. Amirning ukasi rus armiyasi ofitseri, o‘g‘li esa Sankt-Peterburgdagi kadetlar maktabida o‘qimoqda. Xalq amaliy sanʼatiga keladigan bo‘lsak, Buxoro ayollari mashhur zardo‘zi ustalar hisoblanishadi. Imkon bo‘lishi bilan Sizning iltimosingizni amalga oshirish chorasini ko‘raman. Kattaqo‘rg‘onda yagona chexman va albatta, men ona Vatanimni qanday sog‘inayotganimni yaxshi tushunasiz».
Frantishek Ganek Naprstek nomidagi muzeyga 22 ta eksponat hadya qilgan (asosiy qismi O‘zbekistondan, bir qismi esa Turkmanistondan). Muzeyning inventar qaydnomasiga asosan to‘plamidagi dastlabki ashyolar 1896 yilda, so‘nggilari esa 1899 yilda qabul qilib olingan. Mazkur to‘plam asosan kiyim-kechaklar va zargarlik taqinchoqlaridan iborat.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi "Chexiya Respublikasi to‘plamlari” kitob-albomida (XVI jild) tanishishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.