Saksoniya Davlat etnografiya to‘plamlari (SES) 2004 yili Leypsig, Drezden va Xernxutdagi uchta etnologiya muzeyining ko‘rgazmalaridan yig‘ilgan.
Uch muzeyning hammasi ashyolar yig‘ish bo‘yicha o‘z anʼanasiga ega bo‘lib, bu ularning tarixiga ham mutanosib keladi. Leypsigda diqqat markazida kulolchilik tursa, Drezdenda to‘qimachilik shunday ahamiyatga ega. Xernxutga kelsak, uning kichkina to‘plamida O‘zbekistonga oid ashyolardan bir nechta bor, xolos. Hozirda bor o‘zbek to‘plamining katta qismi leypsiglik rassom Gerd Tilemann tomonidan yig‘ilgan.
O‘zbekiston to‘qimachilik madaniyatida katta o‘lchamli kashtalar alohida o‘rin egallaydi. Ular maqsad va o‘lchoviga ko‘ra turfa bo‘lgan. Ularning orasida avvalo so‘zanaga eʼtibor berish lozim. Ushbu chiroyli palaklardan devor gilamlari yoki nikoh to‘shagi yopinchig‘i sifatida foydalanilgan. Kashtachilik bilan chorvadorlar ham, dehqonlar ham shug‘ullangan bo‘lsalar-da, katta palak tayyorlash vohaning o‘troq ahli orasida keng tarqalgandi. “So‘zan” so‘zi ignani anglatadi. Ko‘rkam so‘zanalar kelin sepining muhim qismi sanalgan. Oilada qiz dunyoga kelgach, onasi bo‘lajak sepni tayyorlab borish maqsadida kashta tika boshlagan, keyinchalik unga ulg‘aygan qizi qo‘shilgan. Agar to‘y kuni yaqinlashib, biroq zaruriy palaklar soni yetarli bo‘lmasa, yordamga qarindoshlar va qo‘shnilarni chorlashgan.
Kashta bezagi u tayyorlangan hududdan darak bergan. Chunonchi, qizil va qora bo‘yoqlar birikmasi Samarqandda qo‘llangan, oq asosda yashil va qizil bo‘yoqlar birikmasi esa Buxoroga xos edi. Kashta tikishda mahalliy ipak, kamdan-kam hollarda paxta yoki jun iplaridan foydalanilgan. Ko‘pincha kashta tikish qo‘lda tayyorlangan, bir en matoda alohida-alohida bajarilgan va keyin ulab tikib, yaxlitlangan.
Gerd Tilemann 2002 yili O‘zbekiston bo‘ylab safari chog‘ida, oxirgi o‘n yil ichida kashtachilik yuksalish bosqichini boshdan kechirganiga iqror bo‘lgan. Oldingi vaqtlarda u o‘z to‘plami uchun bironta so‘zanani katta qiyinchilik bilan topardi. Negaki, qishloq xo‘jaligi yoki ishlab chiqarishda band ayollardan kamdan-kami kashtachilikning eski anʼanalarini davom ettirishga jazm qila olardi. Bugun esa kundalik hayotning yevropalashishiga qaramay, o‘zbeklar o‘z uylarini jihozlashda ota-bobolari anʼanalariga rioya qilmoqdalar. Fabrikada ishlab chiqarilgan gilamlar o‘rnini qo‘lda to‘qilganlari egallamoqda.
Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “Germaniya Federativ Respublikasi to‘plamlari” kitob-albomida (XI jild) tanishishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.