Halokatdan omon qolgan yapon rassomining hayotini O‘zbekiston qanday o‘zgartirgan?

Mashhur yapon rassomi Hirayama Ikuo 1945 yildagi atom bombardimonida omon qolgan. 1959 yilda u o‘zini o‘tkir leykoz kasaliga chalinganini bilib qoladi. O‘sha kezlarda u  xitoylik rohib Syuanszanning VII asrda Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab qilgan sayohatidan ilhomlanib buddizm taʼlimotining ildizlariga bag‘ishlangan “Buddizmning paydo bo‘lishi” asarini yaratadi. Rassom o‘sha vaqtda bu asarini hayotidagi so‘nggi asar bo‘lishi mumkin, deb o‘ylagan... Keyin nima bo‘lgan edi?

Hirayama Ikuo diniy eʼtiqodi kuchli inson bo‘lgan. Balki aynan shu rassomni kasallikdan saqlab qolgan bo‘lishi mumkin. O‘sha paytda uning buddizmning kelib chiqishiga bo‘lgan qiziqishi yana-da oshadi va Ipak yo‘lida joylashgan mamlakatlarni ko‘rish istagi paydo bo‘ladi. 1968 yilda u Afg‘oniston, Qozog‘iston, Pokiston va O‘zbekistonga safar qiladi. Samarqand va Buxoroni ko‘rish orzusi amalga oshadi. Bu shaharlar haqida Syuanszan o‘zining “G‘arbga sayohat” asarida so‘zlab bergan edi va bu asar Xirayamani ilhomlantirgandi. Shu paytda u bir necha eskizlar yaratadi va ular uning benazir asarlari to‘plamiga kiritiladi. Ammo u O‘zbekistonga keyingi safarini oradan 30 yil o‘tib amalga oshiradi. Rassom umrining oxirigacha bu mamlakat bilan uzviy bog‘lanib qoladi va Toshkentning faxriy fuqarosiga aylanadi.
Xirayama asarlarining aksariyati Buyuk Ipak yo‘liga bag‘ishlangan. Ammo u faqat rasm chizish bilan cheklanmagan. Xirayama Markaziy Osiyo madaniy merosi yodgorliklarini tiklash uchuna katta mablag‘ sarflagan. 2002 yilda rassom Toshkentda Karavonsaroy madaniyat markazini ochadi. Bu markaz uning ekspeditsiyalar, ko‘rgazmalar, restavratsiya ishlari, fikr almashish, o‘zbek va yapon olimlari hamda madaniyat arboblarining yutuqlarini muhokama qilish uchun tashkil qilingan. Hayotining so‘nggi yillarida rassom O‘zbekistonning turli hududlaridagi xalq hunarmandlari ishlarini xarid qilib, ularni  qo‘llab-quvvatlagan.