Raza kutubxonasi, yoki boshqa nom bilan tanilgan "Kitobiy Tojmahal", Rampur shahrida (Uttar-Pradesh, Hindiston) joylashgan bo‘lib, u sanskrit, arab, fors, turk, pushtu, urdu, hindiy va boshqa tillardagi minglab qimmatli qo‘lyozmalarni saqlaydigan xazinadir. U kщplab Qurʼon nusxalari, miniatyuralar va islom kalligrafiyasi namunalarini o‘z ichiga olgan ulkan kolleksiyaga ega. Shuningdek, unda nodir bosma va davriy nashrlar, tangalar, arxeologik artefaktlar, jumladan, kushon terrakotasi va boshqa sanʼat asarlari jamlangan. Bu boyliklar shubhasiz Rampur navoblarining dunyoga taqdim etgan qimmatbaho tuhfasidir. Kutubxona XVIII asr oxirida Rampur saroyi bilan birga Fayzullohxon (1774–1794 yillar hukmronligi) — Rampurning birinchi navobi tomonidan shohona xazinaning bir qismi sifatida tashkil etilgan. 1957 yilda kutubxona Hamid Manzil — "Kitobiy Tojmahal" muhtasham binosiga ko‘chirilgan bo‘lib, u yerda bugungi kunga qadar turli davrlarga mansub noyob qo‘lyozmalar saqlanmoqda. Ular orasida Boburning o‘z qo‘li bilan yozilgan ruboiylari va Bayram Xon hamda Shoh Jahonning imzolari bilan tamg‘alangan nodir “Devon” qo‘lyozmasi bor. Mavzuga doirasida batafsil maʼlumotni “Oʻzbekiston madaniy merosi dunyo toʻplamlarida” turkumidagi “Oʻzbekiston adabiy merosi Rampur Razo kutubxonasi toʻplamida” (XXXIII jild) kitob-albomidan bilib olishingiz mumkin.