Ibrohim Mirzo – Shohruxnig o‘g‘li, Amir Temur nabiralaridan bo‘lib, Sharafiddin Ali Yazdiy shogirdidir. Ulug‘ tarixchi o‘zining «Zafarnoma» asarini Temurga bag‘ishlab yozgan. Ibrohim Mirzo olti xil xatda tengi yo‘q xattot edi. Mashhur xattot Yoqut Muta’simiy (1221 – 1298) uslubiga taqlid qilib, xat san’atida undan o‘tib ketgan. U yozgan xat namunalarining ba’zilari hozir ham Sheroz to‘plamlarida saqlanib qolgan. Xattot 1431 yil vafot etgan.
Xoja Mir Ali Tabriziy (XIV – XV asrlar) nasta’liq xatining ixtirochisi degan nom bilan shuhrat qozongan. U nasta’liq xatiga xos ravish bilan olti turli xat asosida alohida xat ixtiro qilishga kirishgan nomdor xattotdir (1673).
Sulton Ali Mashhadiy (XV asr) o‘z davrida nasta’liq xati san’atida eng yuksak pog‘onaga ko‘tarilgan va «Kotiblar peshvosi» degan sharafli nomni olishga muyassar bo‘lgan. Sulton Ali Mashhadiy qalami bilan Alisher Navoiy tiriklik paytidayoq, buyuk shoirning ko‘pgina asarlari kitobat qilingan. Masalan, O‘zR FAQI jamg‘armasida Alisher Navoiy ijodiga mansub va Sulton Ali Mashhadiy tomonidan nasta’liq xatida mohirona ko‘chirilgan «Navodir ash-shabob» (Yigitlik nodirliklari) asari (inv. № 1995) saqlanmoqda.
Abduljamil (vaf. 1506 y.) Alisher Navoiy asarlarini o‘z vaqtida chiroyli xat bilan ko‘chirib beruvchi maxsus kotib edi. U «Xamsa»ni go‘zal husnixatda ko‘chirgan. Kitob Navoiy davrida ko‘chirilib, shoirga manzur bo‘lgan. Bu nusxa xatolardan xoli, eng yaxshi moʻtabar nusxadir (inv. № 5018). Alisher Navoiy ijodiga mansub «Navodir ash shabob» (Yigitlik nodirliklari) devonining yana bir qo‘lyozma nusxasi ham 1487 yilda Abduljamil tomonidan ko‘chirilgan.
Darvesh Muhammad Toqiy Hiraviy Alisher Navoiy va ‘Abdurrahmon Jomiyning zamondoshi. Jomiyning «Bahoriston» (inv. № 3376) va Husayn Koshifiyning «Lubbi lubobi ma’naviy intixobi masnaviy» (Ma’naviyat mag‘zining saylanmasi) (inv. № 2227) asarlarini ko‘chirgan. Amir Xusrav Dehlaviy «Kulliyot»i (to‘liq asarlar to‘plami) nasta’liq xatida ko‘chirilgan va miniatyuralar bilan bezatilgan (inv. № 9661).
Sulton Muhammad Xandon Sulton Ali Mashhadiyning birinchi shogirdlari dan (XV – XVI asrlar). Yoshlik davridan boshlab butun hayotini Navoiy xizmatida o‘tkazgan. Bir necha «Devon»lar qo‘lyozmalarini ko‘chirgan (inv. №№ 2196, 2261).
Xoja Abdulloh Marvarid Bayoniy (vaf. 1526 y.) – husnixat bo‘yicha ustozlik qilgan, mohir xattot, yetti xil xat ustasi bo‘lgan. Sulton Husayn hukmronlik qilgan paytlardan xattotlik bilan shug‘ullangan.
Qadimiy qo‘lyozmalar haqida “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi “O‘zbekiston respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti to‘plami” (beshinchi qism, “Miniatyura va xattotlik”) (XXV jild)da batafsil ma’lumot olishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.