XV asrning ikkinchi yarmida Hirotda Husayn Boyqaro va Alisher Navoiy zamonasida musiqa san’ati haddi a’losiga yetgan.
Universallik, professional musiqa faoliyati muhitining kengayishi, diniy va dunyoviy tendensiyalarning uyg‘unlashuvi, musiqani tarqatish shakllarining demokratlashtirilishi, musiqa haqidagi bilimlarning hamma uchun yetarliligi, musiqani yuqori hissiy-nafis qabul qilish madaniyati, turkiy va forsiy an’analarning qorishuvi bu davr musiqa san’ati uchun xos jihatlar sanaladi.
Musiqiy va badiiy komillikka intilish musiqa san’ati homiylari tomonidan muntazam rag‘batlantirib borilgan va bora-bora madaniy hayot tarziga aylanib ulgurgan. Sozandalar bir nechta cholg‘u asbobini chala olishgan, qo‘shiq ham kuylashgan, ular gohida o‘zlari kuy yoki qo‘shiq ijod qilib, o‘zlari tinglovchilar hukmiga havola etishgan, ba’zida ijodiy va ilmiy faoliyatni teng yuritgan holda musiqa haqida risolalar ham bitishgan.
Ko‘plab musiqachilar o‘z faoliyatini faqat musiqa bilan cheklab qo‘ymagan, balki boshqa kasb yoki san’at turlaridan ham xabardor bo‘lishgan. Ular orasida yaxshigina shoirlar ham bo‘lgan, o‘zlari she’r bitib, musiqa bastalashgan, qo‘shiq qilib ijro ham etishgan. Bu tabiiy hol, zotan she’riyat va musiqa o‘rtasida alohida chegara yo‘q. Masalan, Alisher Navoiyning muborak nazariga tushgan buxorolik sozanda yigit Mavlono Kavkabiy go‘zal she’rlar bitish bilan birga soz chertishda ham katta mahorat egasi bo‘lgan, shuningdek, musiqa ilmiga oid risolalar ham yozgan.
Bu haqda batafsil ma’lumotni “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumining “Rossiya Federasiyasi to‘plamlaridagi O‘zbekiston musiqiy merosi” (VI jild) kitob-albomidan olishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.