Diniy va dunyoviy intilishlar, ba’zi hollarda ularning o‘zaro uyg‘unligi Husayn Boyqaro va Alisher Navoiy davri madaniyati uchun xosdir.
Xususan, Qur’on o‘qish (tajvid) o‘sha paytda dunyoviy san’atlar, xususan, musiqa va kuylash san’atiga ancha yaqin turgan. Ularning aksariyati ziyolilar qatlamining serqirra, savodli vakillari bo‘lishgan.
Dunyoviy yo‘nalishdagi musiqaga ruhoniylar, tasavvuf shayxlari ham tez-tez murojaat qilishgan. Fors-tojik shoiri va mutafakkiri, Alisher Navoiyning ustozi Shayx Nuriddin Abdurahmon Jomiy ham musiqa haqida alohida ilmiy risola yozgan, kuylar bastalagan. Xususan, uning «Naqshi Mullo» nomli kuy bastalagani ma’lum.
Musiqaning keng tarqalishi va hammaga ochiqligi o‘sha davr demokratiyasi va ma’rifiy-ruhiy muhitiga ta’sir qilgan. O‘sha davrning ayrim o‘ziga xos jihatlariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, xursandchilik payti qo‘shiq kuylash o‘sha davrning odatlaridan sanalgan. Ziyofat paytida hech kim davrada raqs tushishdan yoki o‘z mahoratini ko‘rsatib, kuy chalib qo‘shiq kuylashdan tortinmagan. Bobur o‘z zamondoshi Said Mir Badr haqida ma’lumot berarkan, u usulni juda nozik his qilishi, o‘zi yaratgan maxsus raqslarni mahorat bilan ijro etishini yozgan. Boburning yana bir zamondoshi Yusuf AliKo‘kaltosh ham ziyofatlarda usulni yaxshi anglagan va raqsga tushgan.
Bu haqda batafsil ma’lumotni “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumining “Rossiya Federasiyasi to‘plamlaridagi O‘zbekiston musiqiy merosi” (VI jild) kitob-albomidan olishingiz mumkin.
Loyihaning bosh homiysi Eriell-Group neftservis kompaniyasi.