Ijtimoiy mavqeidan dalolat bergan va tumor vazifasini o‘tagan o‘zbek taqinchoqlari

O‘zbekiston hududida zargarlik buyumlarining kelib chiqish tarixi ming yilliklarning qaʼriga borib taqaladi. XIX asrda ushbu hunarmandchilikning eng yirik markazlari Xiva, Buxoro, Samarqand, Qarshi, Qo‘qon shaharlari bo‘lgan. Har bir markaz o‘zining shakllariga va bezak naqshlariga ega bo‘lgan.

Bezaklar egasining yoshi va ijtimoiy mavqeidan dalolat berib, bundan tashqari turli moʻjizakor xususiyatlarga ham ega bo‘lgan va tumor vazifasini ham o‘tagan. Qizlar bolalik chog‘laridanoq, tumor o‘rnida sirg‘a va bilaguzuk taqib yurishgan. Ularning yoshi ulg‘aygan sari zargarlik buyumlari ham ko‘proq ko‘zga tashlana boshlagan. Eng boy va eng chiroyli taqinchoqlarni qizlar to‘y kunlari taqishgan. Zargarlik buyumlari kelinning yuzidan tashqari, uning boshi va bo‘ynini to‘liq qoplab turgan. Ular faqat kelinni bezatibgina qolmay, balki oilaning keyingi farovonligini taʼminlab bergan va eʼtiqodlarga ko‘ra, yomon ko‘zdan ham asragan. Umuman olganda, ularni bir necha guruhga bo‘lish mumkin: boshga, peshona va chakkaga, sochga, burunga, quloqqqa, bo‘yinga, ko‘krakka, qo‘ltiq ostiga, belga, bilakka, ensaga taqiladigan va boshqa turdagilari. To‘plamning umumiy vazni 5 kilogramga yetishi ham mumkin.

Mavzu doirasida batafsil “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi “O‘zbekiston amaliy sanʼat va hunarmandchilik tarixi Davlat Muzeyi to‘plami” kitob-albomida (XXXIX jild) tanishishingiz mumkin.

Loyiha bosh homiysi – Eriell-Group neft xizmatlari kompaniyasi.